O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlatlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi, Rossiya esa ro‘yxatning oxiridan joy oldi

Joriy yil iyun oyida e’lon qilingan yangilangan Global Peace Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat deb topildi. Mutaxassislar O‘zbekistonning tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha bahosini sezilarli darajada yaxshilagan. Natijada mamlakat Qozog‘istonni ortda qoldirib, reytingda mintaqa yetakchisiga aylangan. Qozog‘iston esa Global Peace Index 2025da Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab turgan edi.

Ushbu reyting Avstraliyadagi shtab-kvartiraga ega bo‘lgan mustaqil xalqaro tahlil markazi — Iqtisodiyot va tinchlik instituti mutaxassislari tomonidan tuziladi.

Eng tinch va xavfsiz davlatlar reytingi tuzilayotganda dunyoning 163 ta mamlakatidagi vaziyat tahlil qilinadi. Bunda uchta asosiy yo‘nalish hisobga olinadi: ichki va tashqi mojarolar darajasi; ijtimoiy xavfsizlik va himoyalanganlik; militarizatsiya darajasi. Shu bilan birga, mutaxassislar 23 ta mezon bo‘yicha baholash o‘tkazadi. Jumladan, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar, aholi orasidagi qochqinlar ulushi, siyosiy beqarorlik, jamoat tartibi, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari, kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari soni, harbiy xarajatlar va boshqa omillar o‘rganiladi.

O‘zbekiston yangi reytingda 1,728 ball bilan 37-o‘rinni egallagan. Mamlakat o‘tgan indeksga nisbatan 10 pog‘ona yuqori ko‘tarilgan.

Mintaqada o‘tgan yilgi yetakchi bo‘lgan Qozog‘iston bu safar Markaziy Osiyo davlatlari orasida ikkinchi o‘ringa tushgan. U global reytingda 1,771 ball bilan 44-o‘rinda joylashgan.

Tojikiston esa 1,799 ball bilan 47-o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, ushbu mamlakat reytingda eng katta pasayishni ko‘rsatib, 6 pog‘onaga tushib ketgani qayd etilgan.

Qirg‘iziston 8 pog‘onaga yaxshilanganiga qaramasdan, reytingda 1,865 ball bilan 61-o‘rinni egallagan.

Markaziy Osiyodagi sobiq sovet respublikalari orasida eng past ko‘rsatkich esa Turkmanistonga tegishli bo‘ldi. U 1,903 ball bilan global reytingda 66-o‘rinda joylashgan.

Ma’lumot uchun, Global Peace Index 2025da mintaqa yetakchisi Qozog‘iston bo‘lib, u o‘sha paytda 56-o‘rinda edi. O‘zbekiston 67-o‘rinni, Qirg‘iziston 78-o‘rinni, Tojikiston 79-o‘rinni, Turkmaniston esa 87-o‘rinni egallagandi.

Yangi reytingning yuqori pog‘onalarida kutilmagan o‘zgarishlar kuzatilmagan. An’anaviy tarzda ro‘yxatning yetakchi o‘rinlarini orol davlatlari va Yevropa mamlakatlari egallab kelmoqda. Ikkinchi yil ketma-ket birinchi o‘rinni Islandiya saqlab qolgan — uning ko‘rsatkichi 1,161 ball. Uning ortidan top-5 tarkibida Yangi Zelandiya, Shveysariya, Sloveniya va Irlandiya joy olgan.

Reytingning eng oxirgi, 163-o‘rni esa o‘zgarishsiz qolib, Rossiyaga tegishli. U 3,367 ball bilan eng past ko‘rsatkichni qayd etgan. Indeksda qayd etilishicha, mamlakat 2022 yilda boshlangan Ukraina bilan urushdan beri hali ham harbiy harakatlarda ishtirok etmoqda. Shuningdek, reytingda quyi o‘rinlardagi davlatlar qatoriga turli mojarolarga jalb qilingan yoki siyosiy beqarorlik sharoitida bo‘lgan mamlakatlar kiritilgan. Ular orasida Suriya, Afg‘oniston, Isroil, Ukraina, Demokratik Kongo Respublikasi va Sudan kabi davlatlar bor.