Yevropa investitsiya banki Toshkentda Markaziy Osiyo bo‘yicha faoliyat yuritadigan vakolatxonasini ochdi

Yevropa investitsiya banki (YEIB) Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘zining mintaqaviy vakolatxonasini rasman Toshkentda ochdi. Bu haqda muassasa matbuot markazi ma’lum qildi.

Ochilish marosimi 18 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Uni bankning mintaqadagi operatsiyalariga mas’ul vitse-prezidenti Marek Mora o‘tkazdi.

“Mintaqaviy vakolatxonani ochish qarorini qabul qilayotganda, biz Markaziy Osiyo qanchalik tez o‘zgarayotgani va sifatli investitsiyalarga bo‘lgan talab qanchalik yuqori ekanini hisobga oldik. Joyida bo‘lish bizga tezroq harakat qilish, hamkorlarimiz bilan yanada yaqinroq ishlash va g‘oyalarni aniq loyihalarga aylantirish imkonini beradi”, — dedi Marek Mora vakolatxona ochilishiga izoh berarkan.

Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqining moliyaviy bo‘limi bo‘lib, dunyodagi eng yirik ko‘p tomonlama rivojlanish banklaridan biri hisoblanadi. 2025 yilda YEIB guruhi 100 milliard yevro miqdorida yangi moliyalashtirish va konsalting xizmatlari bo‘yicha kelishuvlar imzolagan bo‘lib, bu 870 dan ortiq yuqori ta’sirli loyihalarni qamrab oladi.

Markaziy Osiyoda YEIB 2009 yildan buyon faoliyat yuritadi. Shu vaqt davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha bir qator kelishuvlar imzolangan. 2025 yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammiti doirasida YEIBning Global Gateway strategiyasi asosida mintaqa bo‘yicha yangi tashabbuslar e’lon qilindi.

Hozirda Yevropa investitsiya bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha umumiy loyihalar portfeli 3 milliard yevroga yaqinlashmoqda. Investitsiyalar transport, energetika, suv ta’minoti, raqamli infratuzilma hamda iqlim barqarorligini oshirish sohalariga yo‘naltirilgan.

Asosiy yo‘nalishlar qatorida Transkaspiy transport yo‘lagini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek yirik gidroenergetika loyihalari — Rog‘un GES va Qambarota GES-1 qurilishi kiradi.

O‘zbekiston 2017 yilda imzolangan ramkali kelishuvdan so‘ng YEIB uchun mintaqadagi muhim hamkorga aylandi. Hozirda bank O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda investitsiyalar portfelini shakllantirmoqda. Ushbu portfel, mavjud loyihalar va memorandumlarni hisobga olganda, 1 milliard yevro miqdorida baholanmoqda.

Bu mablag‘lar Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘ylab ekologik toza, intellektual va xavfsiz transportni qo‘llab-quvvatlashga, toza energetikaga investitsiyalar kiritishga hamda suv resurslarini barqaror boshqarishga yo‘naltirilishi mumkin.

Shuningdek, xavfsiz raqamli bog‘lanishni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi yetkazib berish zanjirlarini mustahkamlash va mahalliy vaksina ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga kritik ahamiyatga ega xomashyo sohasida mahalliy qiymat zanjirlarini rivojlantirish ham asosiy yo‘nalishlar qatoriga kiradi.

Moliyalashtirish turli mexanizmlar orqali amalga oshiriladi: suveren va subsuveren kreditlash, davlat-xususiy sherikliklar (DXSH), xususiy sektorni to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirish, ulushli moliyalashtirish hamda aralash moliyaviy yechimlar.

Investitsiyalardan tashqari, Yevropa investitsiya banki mintaqada maslahat xizmatlarini ham kengaytirmoqda. Ilk misol sifatida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida EIB Global va «O‘zsuvta’minot» AJ o‘rtasida niyatlar deklaratsiyasi imzolandi. Tomonlar «Surum» tozalash inshooti loyihasi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida maslahat ko‘magi berish imkoniyatini o‘rganmoqda. Ushbu inshoot sutkasiga 300 ming kubometr quvvatga ega bo‘lib, Toshkent shahridagi kanalizatsiya infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilish va aholi uchun sanitar xavfsizlikni yaxshilashga xizmat qiladi.