Rog‘un GESi qurilishi munosabati bilan suv оstida qolishi mumkin bo‘lgan hududlarda yashovchi 25 mingdan ortiq tojikistonlik hanuzgacha qayerga ko‘chirilishini aniq bilmaydi. Shuningdek, mamlakat hukumati ushbu fuqarolarga tovon puli to‘laydimi-yo‘qmi, bu masala ham noma’lumligicha qolmoqda. Bu haqda «Ozodi» radiosi («Ozodlik» radiosining mintaqaviy bo‘limi) xabar berdi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston hukumati 2008 yilda Rog‘un GESi loyihasini qayta tiklashga qaror qilgan va qurilish hududiga tushib qolgan qishloq aholisi majburiy ko‘chirilishini ma’lum qilgan. Gap shundaki, mazkur energetika inshootini ishga tushirish uchun suv omborini to‘ldirish talab etiladi. Shu sababli bir nechta aholi punktlari to‘liq suv ostida qolishi kutilmoqda.
Fermer Mukim Xasanov jurnalistlarga aytishicha, uning oilasi ham minglab boshqa fuqarolar kabi noaniq vaziyatda qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oilasining bir necha avlodi o‘sib-ulg‘aygan yer uchastkasida hozir biror narsa qurish taqiqlangan, chunki bu hudud baribir suv ostida qoladi. Rasmiylar unga boshqa tumandan yer ajratib berishgan, ammo fermerning yangi joyda uy-joy qurish va yashash sharoitlarini yaratish uchun mablag‘i yo‘q.
Fermerning aytishicha, uning mulki ko‘p yillar avval baholangan, ammo shu vaqtgacha hech kimga kompensatsiya mablag‘i to‘lanmagan. Bu orada narxlar, ayniqsa qurilish materiallari qiymati keskin oshgan. “Avval yog‘och taxta 50 somoni (taxminan 5,5 dollar) turgan bo‘lsa, hozir 150 somonidan (16 dollardan ortiq) sotilmoqda”, — deya norozilik bildirdi Mukim Xasanov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘chirilish uchun beriladigan kompensatsiya miqdori va mablag‘larni qachon to‘lash masalasi hamon noma’lumligicha qolmoqda. Shu ma’lumotlarni aniqlash maqsadida Xasanov Dushanbe shahriga borib, “Rog‘un GESi suv bosishi hududi” direksiyasi rahbariyati qabuliga kirishga uringan.
Biroq, tashrif buyuruvchi tashkilot vakillaridan hech biri bilan uchrasha olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha mas’ullar band ekanini bahona qilgan.
Radiostansiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 yilda Dushanbe yaqinida yangi Rog‘uniyon qishlog‘i barpo etilgan va u yerga Rog‘un GESi qurilishi tufayli suv ostida qoladigan hududlardan bir necha o‘nlab oilalar ko‘chirilgan.
Biroq. yangi manzilda ham muammolar saqlanib qolmoqda. Ko‘chirilgan aholidan birining aytishicha, rasmiylar har bir oilaga 20–30 sotixdan yer ajratishni va’da qilgan, ammo amalda maydoni kichikroq uchastkalar berilgan. Shuningdek, bolalar uchun alohida yer maydonlari ajratilishi aytilgan bo‘lsa-da, ko‘p bolali oilalar hozir ham bir uyda tig‘iz sharoitda yashashga majbur.
Bundan tashqari, yerning sifati bo‘yicha ham shikoyatlar bor. Aytilishicha, tuproq qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanish uchun yaroqsiz. Elektr ta’minoti va ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar ham mavjud.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rog‘un GESi qurilishi sababli taxminan 50 ming nafar odamni ko‘chirish rejalashtirilgan. O‘tgan yil yozida Emomali Rahmon 15 ming fuqaro boshqa hududlarda uy-joy va yer uchastkalari olganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, rasmiylar ko‘chirilganlarga bir martalik moddiy yordam sifatida har bir kishiga 10–20 AQSH dollari miqdorida to‘lov ko‘zda tutilganini bildirgan. Ularga shuningdek 540 dollargacha imtiyozli kredit olish imkoniyati ham taklif etilgan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, loyiha qiymati doimiy ravishda o‘sib bormoqda: 2008 yilda u 3 milliard dollar deb baholangan bo‘lsa, hozirda 6 milliard dollardan oshgan.
ℹ️ Rog‘un GESi Tojikistonning eng yirik energetika loyihasi hisoblanadi. Oltita agregat yiliga 13,1 milliard kVt·soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Hozirda quvvati 600 MVt bo‘lgan ikkita agregat ishlab turibdi. Gidroelektrostansiya qurilishi 2031 yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Yakunlangach, Rog‘un GESi Markaziy Osiyodagi eng yirik GESga aylanishi kutilmoqda.



