Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Bryusselga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi strategik sheriklikni kengaytirish haqida qo‘shma bayonot qabul qildi, deb xabar berdi Aqo‘rda.
Xabarda aytilishicha, Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi vizalarni soddalashtirilgan tartibda berish hamda readmissiya to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha ekspertlar darajasidagi muzokaralarni yakunladi.
Viza masalasidan tashqari, tomonlar transport, energetika, strategik ahamiyatga ega xomashyo resurslari, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Shuningdek, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi rejalashtirilmoqda.
Qo‘shma bayonotda neft va uran qazib chiqarish, tinch atom energetikasini rivojlantirish, akkumulatorlar va “yashil” vodorod ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorlik tasdiqlandi. Shuningdek, Erasmus+ va Horizon Europe qo‘shma dasturlarini davom ettirishga kelishib olindi.
Yevropa Ittifoqi Qozog‘istondagi siyosiy islohotlarni, jumladan yangi Konstitutsiya qabul qilinganini ijobiy baholadi hamda inson huquqlari, qonun ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi kurash va sanksiya siyosati masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirish niyatini bildirdi.
To‘qayevning Bryusselga rasmiy tashrifi 22 iyun kuni boshlangan edi. Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tashrif davomida umumiy qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan bitim va memorandumlar imzolandi.
Xususan, tashrif doirasida Air Astana va Airbus umumiy qiymati 7,145 milliard yevro bo‘lgan 50 tagacha A320neo va A321neo rusumli samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bundan tashqari, Yevropa investitsiya banki transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish loyihalari uchun 150 million yevro ajratishga qaror qildi.
To‘qayev ta’kidlashicha, tashrifning iqtisodiy qismi Yevropa biznes doiralarining Qozog‘iston iqtisodiyotiga hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘liga bo‘lgan ishonchini namoyon etdi.



