Germaniyada o‘zbek-tojik kinorejissyori Baqo Sodiqov vafot etdi

Baqo Sodiqov. asiaplus.news sayti fotosurati

Germaniyada taniqli kinorejissyor va ssenarist Baqo Sodiqov vafot etdi. Bu haqda Ali Choriyevga tayanib «Aziya-Plyus» xabar qildi.

84 yoshli kinoijodkorning vafot etish sababi ma’lum qilinmagan. Baqo Sodiqov Germaniyada dafn etiladi.

U 1941 yil 13 iyul kuni Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1967 yilda Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik fakultetini, shuningdek Moskva shahridagi ssenaristlar va rejissyorlarning Oliy kurslarini tamomlagan. 1967–1993 yillar davomida Tojikfilm kinostudiyasida rejissyor sifatida faoliyat yuritgan.

Baqo Sodiqov 1977 yilda diplom ishi sifatida suratga olgan «Adonis XIV» qisqa metrajli filmi orqali keng jamoatchilikka tanilgan. Senzura cheklovlari sababli kartina faqat qayta qurish davrida — 1986 yilda ekranlarga chiqqan. Filmda maxsus agent vazifasini bajaruvchi echki butun bir podani go‘sht kombinati so‘yishxonasiga olib borishi haqida hikoya qilinadi. Kartina Moskva, Odense va Mangeym shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro kinofestivallarda mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Rejissyorning boshqa mashhur ishlari qatoriga «Muqaddas Buxoro», «Dovul», «Josus», «Orol», «Loy qushlar» hamda «Birinchi bo‘lish qiyin» hujjatli filmi kiradi. Uning kartinalari Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro kinofestivallarda bir necha bor mukofotlarga sazovor bo‘lgan. «Dovul» filmi Kann kinofestivali dasturiga kiritilgan birinchi sovet Markaziy Osiyo filmi bo‘lgan. Film ssenariysini Bako Sodiqov Chingiz Aytmatov bilan hammualliflikda yozgan.

1998 yilda Baqo Sodiqov IX asrda yashagan islom olimi, muhaddis, faqih va Qur’on tafsirchisi haqidagi «Imom al-Buxoriy» ko‘p qismli badiiy filmni suratga olgan. Film yaratilishida Tojikiston va O‘zbekiston kinematografchilari ishtirok etgan. Ssenariy mualliflari Baqo Sodiqov hamda uning o‘g‘li Ulug‘bek Sodiqov bo‘lgan.

2003 yilda O‘zbekkino buyurtmasi asosida Baqo Sodiqov tomonidan suratga olingan «Fidoyilar» filmi ekranga chiqdi. Kartina jadidchilik harakatining mafkurachilari va yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda uning safdoshlari — Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Munavvar Qori Abdurashidxon o‘g‘li va boshqalarning fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi.

1997 yildan boshlab Baqo Sodiqov oilasi bilan O‘zbekistonda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yashab kelgan. Faqat 2018 yilda Prezident farmoni bilan unga O‘zbekiston fuqaroligi va pasporti berilgan. Rejissyor o‘g‘li Umed Sodiqov istiqomat qiladigan Germaniyaga 2025 yilda ko‘chib o‘tgan.

Ikki yil avval «Aziya-Plyus» nashriga bergan intervyusida Baqo Sodiqov badiiy va hujjatli filmlarga oid bir qator loyihalari haqida so‘zlab bergan. Shuningdek, u Timur Po‘latovning «Buxoro xonadonining kechmishlari» romani asosida suratga olinajak shu nomdagi to‘liq metrajli badiiy film ssenariysi ustida ishlarni tugatganini, shuningdek, avvalgi filmlari ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan.

  • Nima uchun Oʻzbеkiston yana bir bor gaz taqchilligiga duch kеlgani va yana bir bor yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini chеklagani haqida

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Toshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda