Rossiya chegarasini kesib o‘tishda qo‘llanilayotgan biometrik identifikatsiya tizimi mamlakatga 60 mingga yaqin xorijlikning kirishiga yo‘l qo‘ymadi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev ma’lum qildi, deb xabar berdi TASS.
Vazirning aytishicha, yangi texnologiyalar Rossiya hududiga kirish punktlarida shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha o‘tkazilayotgan eksperiment doirasida faol joriy etilmoqda. Hozirga qadar Rossiyaga kirishi taqiqlangan qariyb 60 ming nafar migrant aniqlangan va shu sababli ular chegara nazoratidan o‘ta olmagan.
IIV rahbari qo‘shimcha qilishicha, vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni qariyb 40 foizga kamaygan. Shu bilan birga, migratsiya siyosati doirasida hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligini ham politsiya generali ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nazoratdagi shaxslar reyestrini yuritish amaliyoti muhim ahamiyatga ega. Chunki «qora ro‘yxat»ga kiritilish qonunbuzarlarga nisbatan jiddiy huquqiy cheklovlar qo‘llanilishini nazarda tutadi.
«Noqonuniy migrantlarni aniqlash maqsadida ichki ishlar organlariga ularning qayerda ekanini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berilgan. Bunda geolokatsiya ma’lumotlari, to‘lov tizimlari, foto va videofiksatsiya vositalari ma’lumotlaridan ham foydalaniladi», — dedi Kolokolsev.
O‘tgan yil oktyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini tasdiqlagan edi. Hujjatda xorijliklarning shaxsini va malakasini majburiy tarzda tekshirish tartiblarini joriy etish, jumladan biometrik ma’lumotlarni yig‘ish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ta’lim darajasi, kasbiy tajribasi va boshqa ma’lumotlarni tasdiqlash nazarda tutilgan.
Rossiya hukumati zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish niyatida ekanini bildirgan. Xususan, mamlakatga kirayotgan va Rossiya hududida bo‘lib turgan barcha migrantlar uchun «raqamli profil» yaratish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, biometrik ma’lumotlar — suratlar va barmoq izlarini — nafaqat chegarada, balki Rossiyadan tashqarida ham maxsus dasturlar, jumladan sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida yig‘ish ko‘zda tutilgan.
O‘sha yilning noyabr oyidayoq Kolokolsev biometrik identifikatsiya bo‘yicha eksperimental tartib joriy etilishi soxta hujjatlar bilan mamlakatga kirishga uringan xorijliklar uchun to‘siq bo‘lganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunday amaliyot kelgusida yanada kengaytiriladi.



