Jahon banki Rog‘un GES qurilishining ikkinchi bosqichi uchun 300 million dollar ajratadi

Rog‘un GESida ishlar olib borilmoqda. avesta.tj sayti fotosurati

Jahon banki direktorlar kengashi Tojikistondagi Rog‘un gidroelektr stansiyasi (GES) qurilishini moliyalashtirishning ikkinchi bosqichini ma’qulladi va bu maqsad uchun 300 million dollar miqdorida grant ajratdi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi.

Mablag‘lar Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) tomonidan taqdim etiladi. Ushbu mablag‘lar qurilish ishlarini moliyalashtirish, shuningdek elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun zarur uskunalarni xarid qilish va o‘rnatishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, mablag‘ning bir qismi loyihani boshqarishga sarflanadi. Bu ishlar sifat ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash, xavfsizlik talablari, ekologik va ijtimoiy me’yorlarga rioya etilishini o‘z ichiga oladi.

Qurilish ishlari ta’sir ko‘rsatadigan aholiga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, gap xonadonlarni ko‘chirish hamda ularning daromadlari va odatiy turmush tarzini tiklashga ko‘maklashish haqida bormoqda.

Bundan tashqari, ajratiladigan mablag‘lar suv omborini yanada samarali boshqarish, shuningdek daryoning quyi oqimida joylashgan aholi punktlarida toshqinlar xavfini kamaytirish maqsadida monitoring va prognozlash tizimlarini takomillashtirish imkonini beradi.

Tojikiston hukumati GES faoliyatidan olinadigan daromadning bir qismini eng muhim ijtimoiy ehtiyojlarga yo‘naltirishni nazarda tutuvchi Foydani taqsimlash dasturini amalga oshirish majburiyatini olgan. Yordam, avvalo, mamlakat bo‘ylab aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘rsatiladi. Shuningdek, ushbu mablag‘lar milliy ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashga ham yo‘naltiriladi.

Loyihaning amalga oshirilishi, ayniqsa qish mavsumida keskin seziladigan elektr energiyasi tanqisligini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda. Shuningdek, stansiya Qozog‘iston va O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa mintaqaviy elektr energiyasi bozorining rivojlanishiga hamda Markaziy Osiyoda energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Loyiha doirasida 30 mingdan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

ℹ️ Rog‘un GES — Tojikistonning eng yirik energetika loyihasi hisoblanadi. Stansiyaning oltita gidroagregati yiliga 14 400 gigavatt-soat qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu mamlakatning hozirgi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining taxminan 60 foiziga teng. Har biri 600 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita gidroagregat allaqachon ishga tushirilgan. Gidroelektr stansiyasi qurilishini 2031 yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Kutilishicha, Rog‘un GES o‘rnatilgan quvvati 3600 MVt va yillik 13–17 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi bilan Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektr stansiyasiga aylanadi.

2008–2024 yillarda Tojikiston Rog‘un GES qurilishiga 42,5 milliard somoni (taxminan 4 milliard AQSH dollari) yo‘naltirgan. 2024 yil dekabr oyida esa Jahon banki stansiya qurilishini yakunlash dasturining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun 350 million dollar miqdoridagi grantni ma’qullagan edi.

Tojikiston hukumati iltimosiga ko‘ra, Jahon banki Rog‘unni muvofiqlashtirish guruhiga (RMG) rahbarlik qilmoqda. Bu guruh loyihani yakunlashni qo‘llab-quvvatlashni ma’qullagan yoki bunga qiziqish bildirgan xalqaro taraqqiyot hamkorlarini birlashtiradi. Ular qatoriga Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB), CDP (Italiya), Yevropa komissiyasi (YEK), Yevropa investitsiya banki (YEIB), Islom taraqqiyot banki (ITB), Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (KFAED), OPECning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi (QFD) va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi (SFD) kiradi.

Ayni paytda Jahon banki guruhi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) ko‘magida Tojikistonda umumiy qiymati 1,93 milliard dollar bo‘lgan 25 ta loyihani amalga oshirmoqda. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) orqali xususiy sektorning yettita mijozini qamrab olgan 69 million dollarlik investitsiya portfeli qo‘llab-quvvatlanmoqda.