Rossiya Davlat dumasi migrantlarning daromadlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi

Rossiya Davlat dumasi patent bekor qilingan yoki uning amal qilish muddati uzaytirilmagan taqdirda Rossiyani tark etish uchun 15 kunlik muddat belgilaydigan qonunni qabul qildi. Shuningdek, hujjatga ko‘ra, mehnat migrantlari o‘zini va oila a’zolarini yashash minimumi hamda hududiy koeffitsiyentdan kam bo‘lmagan darajada moddiy ta’minlashi shart. Bu haqda Davlat dumasining rasmiy sayti xabar berdi.

Qonunning eng qat’iy normasi mehnat migrantlari oilalariga taalluqli.

Agar patent yoki mehnat faoliyatiga ruxsatnoma bekor qilinsa yoki uning amal qilish muddati uzaytirilmasa, xorijlik fuqaro voyaga yetmagan farzandlari, jumladan, farzandlikka olingan yoki vasiyligida bo‘lgan bolalari bilan birga 15 kun ichida Rossiyani tark etishi shart.

Muddat yashash huquqi tugagan paytdan emas, balki patent yoki ruxsatnoma bekor qilingan kundan boshlab hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hozirgacha faqat xorijlikning o‘zi mamlakatni tark etishi talab etilardi va bu talab yashash muddati tugagach kuchga kirgan, bunda aniq muddat belgilanmagan edi. Yangi qonun ushbu ikki talabni ham qat’iylashtiradi. Faqat farzandlarning Rossiyada qonuniy asoslarda qolishi uchun boshqa huquqiy asoslar mavjud bo‘lgan holatlar istisno sifatida belgilangan.’

Yangi qonunga ko‘ra, xorijlik fuqarolar yashab va ishlayotgan hududda belgilangan yashash minimumi hamda maxsus hududiy koeffitsiyentdan kam bo‘lmagan miqdorda daromad topishi shart. Agar migrant bir vaqtning o‘zida ikki subyektda ishlasa, hisob-kitob eng yuqori ko‘rsatkich asosida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, daromad miqdori hudud bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqidan oshib ketmasligi kerak.

Agar xorijlikning daromadi belgilangan darajadan past bo‘lsa, uning mehnat shartnomasi bekor qilingan deb hisoblanadi va Rossiyada bo‘lish muddati qisqartiriladi.

Shuningdek, xorijlikning daromadi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki uning ish haqi o‘zi va qaramog‘idagi har bir farzandi uchun belgilangan yashash minimumi darajasidan past bo‘lsa, unga patent berilmaydi yoki mavjud patentning amal qilish muddati uzaytirilmaydi.

Qonunga ko‘ra, bolalarning Rossiyada vaqtincha bo‘lish muddati ota-onasining patenti amal qiladigan muddatgacha uzaytiriladi, ammo 18 yoshga to‘lgunga qadar. Buning uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘i (JSHDS) bo‘yicha har bir bola hisobidan belgilangan qat’iy avans to‘lovi to‘langan bo‘lishi shart. Bola voyaga yetgach, u 30 kun ichida Rossiyani tark etishi yoki mustaqil ravishda patent olish uchun ariza berib, belgilangan avans to‘lovini amalga oshirishi lozim.

Qonun migrantlarning daromadlarini nazorat qilish mexanizmini ham joriy etadi. Soliq organlari har kalendar yilining uch, olti, to‘qqiz va o‘n ikki oyi yakunlari bo‘yicha migrantlarning daromadlari haqidagi ma’lumotlarni Rossiya Ichki ishlar vazirligiga (IIV) yuboradi. Rossiya Ijtimoiy jamg‘armasi esa ularning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. IIV migrantning daromadi mavjud yoki mavjud emasligini, uning miqdorini hamda JSHDS bo‘yicha belgilangan qat’iy avans to‘lovi amalga oshirilgan-oshirilmaganini tekshirish huquqiga ega bo‘ladi. Tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi va muddatlarini vazirlik mustaqil ravishda belgilaydi.

Agar vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP) yoki doimiy yashash guvohnomasi (VNJ) olgan xorijlikning ushbu hujjat berilgan kundan boshlab bir yil ichidagi daromadi yashash minimumidan past bo‘lsa, mazkur ruxsatnomalar bekor qilinadi. Bunda kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalar, pensionerlar, mehnatga layoqatsiz shaxslar, voyaga yetmaganlar va qator boshqa toifalar uchun istisno belgilangan. Shuningdek, agar xorijlik ishini yo‘qotgan bo‘lsa, ammo uch oy ichida yangi ish topib, uning daromadi belgilangan talablarga mos kelsa, uning ruxsatnomasi bekor qilinmaydi.

Qonunning asosiy normalari 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. O‘zini va oilasini yashash minimumidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlash majburiyati hamda Rossiyada bo‘lish muddatini qisqartirish mexanizmi esa 2027 yil 1 martdan amal qila boshlaydi. Davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashishga oid qoidalar qonun rasman e’lon qilinganidan 90 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Bundan tashqari, Rossiya Davlat dumasi Ichki ishlar vazirligiga (IIV) Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining malakali xorijlik mutaxassislar uchun kasblar ro‘yxatini tasdiqlash bo‘yicha vakolatlarini o‘tkazuvchi qonunni ham qabul qildi. Endi IIV kimlar soddalashtirilgan tartibda yashash guvohnomasi (VNJ) olish huquqiga ega ekanini, shuningdek, Mehnat vazirligi hududlar buyurtmalari asosida belgilaydigan kvotalardan tashqari tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan xorijliklarni aniqlaydi.

Shuningdek, IIV Mehnat vazirligi bilan kelishgan holda Rossiyada vaqtincha bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nafaqat ruxsatnoma berilgan hududda, balki boshqa subyektlarda ham ishlashga ruxsat berish huquqini oldi. Bunda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar hisobga olinadi.

Qonun rasman e’lon qilingan kundan boshlab 180 kun o‘tgach kuchga kiradi.