Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Omsk viloyatiga hujum qilgan uchuvchisiz qurilmalar (dronlar) Qozog‘iston hududidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi bayonotlarni rad etdi. Tashqi siyosat mahkamasi bu haqda Tengrinews.kz so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Omsk viloyatiga dronlar hujumidan so‘ng Rossiyaning ayrim ommaviy axborot vositalarida dronlar Qozog‘iston hududidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Bunga dalil sifatida Omsk shahrining Qozog‘iston chegarasiga yaqin joylashgani va ayrim ekspertlarning, jumladan Boris Djereliyevskiyning fikrlari keltirilgan.
Qozog‘iston TIV bunday bayonotlarni asossiz deb atadi.
«Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’uliyat bilan shuni ma’lum qiladiki, mazkur da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va hech qanday ma’lumot yoki dalillar bilan tasdiqlanmaydi. Biz bunday nashrlarni Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlar xususiyatini buzib ko‘rsatishga qaratilgan asossiz iddaolar sifatida baholaymiz», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlik ta’kidlashicha, Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan tinchlikparvar va muvozanatli tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, mamlakat xalqaro huquq me’yorlariga qat’iy rioya qiladi.
Vazirlik, shuningdek, Qozog‘iston hududi, havo bo‘shlig‘i va infratuzilmasidan boshqa davlatlarga qarshi qaratilgan harakatlarni amalga oshirish uchun foydalanish mumkin emasligini ma’lum qildi.
Qozog‘iston TIV ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillarini tekshirilgan faktlarga tayanishga hamda ishonchsiz ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga chaqirdi.
6 iyul kuni Ukraina uchuvchisiz uchish qurilmalari Ukraina chegarasidan 2,5 ming kilometr va Qozog‘iston chegarasidan taxminan 130 kilometr uzoqlikda joylashgan Omsk shahriga hujum qildi. Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko dronlarning bir qismi urib tushirilganini, ammo bir nechta uchuvchisiz qurilma Omsk neftni qayta ishlash zavodiga yetib borganini va u yerda yong‘in chiqqanini ma’lum qildi. Omsk NQZ — Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hujumdan so‘ng korxona xom ashyoni qayta ishlash jarayonini to‘xtatgan



