O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazadi, Minskda ikki mamlakat do‘stligi xiyoboni barpo etiladi

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston va Belarus prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Aleksandr Lukashenko ikki mamlakat rasmiylari tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu reja o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, turli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Hamkorlikning asosiy jihatlari ikki davlat rahbarlarining Minsk shahridagi uchrashuvida muhokama qilindi, deb xabar beradi Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti matbuot xizmati.

O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atda o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. Bunday rivojlanish O‘zbekiston va Belarus yaqin vaqt ichida o‘zaro savdo hajmini ikki barobar oshirish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Investitsiyaviy va iqtisodiy hamkorlik ham kengayib bormoqda. U yengil sanoat, farmatsevtika, elektrotexnika, mebel ishlab chiqarish kabi sohalarni qamrab olgan. Mirziyoyev, shuningdek, tinch atomdan foydalanish va tegishli infratuzilmani barpo etish sohasida tajriba almashishga qiziqish bildirdi.

Belarusning BЕLTA agentligi xabar berishicha, Lukashenko o‘z navbatida O‘zbekiston Belarusning asosiy hamkorlari o‘ntaligiga kirishini va MDH mamlakatlari orasida uchinchi o‘rinni egallashini ta’kidlagan.

Prezident bir nechta yirik loyihalarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, u mashinasozlik sohasidagi kooperatsiyani tilga oldi. Uning doirasida 130 tonnali «BelAZ» yuk mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar 220 tonnali mashinalar ishlab chiqarishga o‘tish, shuningdek, qo‘shma traktorlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 3 ming donaga yetkazishga tayyor.

Siyosatchi qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali hamkorlikni ham qayd etdi. Masalan, Vitebsk viloyatidagi yer maydonlarini o‘zbekistonlik investorlarga berish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Ular bu yerda chorvachilik xo‘jaliklarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

«Sizlar uchun bu — yuqori sifatli go‘sht mahsulotlarini O‘zbekiston uchun ishlab chiqarish va yetkazib berish imkoniyatidir. Belarus uchun esa bu — yangi odamlar, yangi ish o‘rinlari va qishloqlarni rivojlantirish demakdir», — deya ta’kidladi Lukashenko.

Oliy darajadagi uchrashuvda madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Mirziyoyev hamkasbiga Minsk shahrida O‘zbekiston–Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, joriy yil oxiriga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va ta’lim forumlarini o‘tkazishga kelishib oldi.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ayniqsa, bir kun avval Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida e’tirof etildi. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolandi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Mirziyoyev va Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Prezidentlar ishtirokida ikki tomonlama qator hujjatlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ular orasida:

✅ 2026-2030 yillarda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

✅ Belarus Respublikasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida bitim;

✅ 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi hamkorlik dasturi;

✅ O‘zaro sayyohlar oqimni ko‘paytirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi;

✅ 2026-2028 yillarda agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

✅ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Belarus strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Belarus ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida memorandum;

✅ O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi.