Xitoy birinchi marta raketa tashuvchining birinchi bosqichini dengiz platformasiga muvaffaqiyatli qaytardi, deb xabar beradi «Sinxua» agentligi.
Sinov mamlakat janubidagi Xaynan orolida o‘tkazilgan. CZ-10B (Long March 10B) raketa tashuvchisi Venchan kosmodromidan uchirilgandan so‘ng bosqichlarni ajratish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Shundan so‘ng birinchi bosqich nazoratli tarzda pastlashni amalga oshirib, to‘rli qo‘nish tizimidan foydalangan maxsus dengiz platformasi tomonidan muvaffaqiyatli ushlab qolingan.
Bu xitoylik mutaxassislar raketa birinchi bosqichini nazoratga olib qaytarishga muvaffaq bo‘lgan ilk holat hisoblanadi. Ilgari ko‘p marta foydalaniladigan CZ-12A (Long March 12A) raketa sinovlari vaqtida birinchi bosqich qo‘nish maydoniga qayta olmagan edi.
«Sinxua» xabariga ko‘ra, ushbu missiya Xitoy uchun ko‘p marta foydalaniladigan raketalar texnologiyasi sohasidagi yirik yutuq sifatida baholanmoqda.
Long March 10B («Chanchjen-10B») raketa tashuvchisi diametri 5 metr bo‘lgan, suyuq yoqilg‘ida ishlaydigan ikki bosqichli raketa hisoblanadi. Birinchi bosqichda kislorod-kerosin yoqilg‘isi, ikkinchi bosqichda esa kislorod va metan qo‘llaniladi. Raketaning startdagi og‘irligi qariyb 760 tonnani, start tortish kuchi taxminan 890 tonnani, uzunligi esa 63 metrni tashkil etadi.
Qayta foydalaniladigan konfiguratsiyada raketa Yerning past orbitasiga 16 tonnagacha foydali yuk chiqara oladi. Bu undan sun’iy yo‘ldosh internet tarmoqlarini joylashtirish va yirik tijoriy sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishda foydalanish imkonini beradi.
Global Times yozishicha, sinovlarda ishtirok etgan muxbir raketa yaratilishida qatnashgan muhandislarning birinchi bosqich muvaffaqiyatli qaytganini kuzatayotganda ko‘z yoshlarini tiya olmaganiga guvoh bo‘lgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, muvaffaqiyatli qo‘nish Xitoy kosmik dasturi uchun tarixiy voqea bo‘lgan. «Xitoy dunyoda (AQSHdan keyin — tahr. izohi) raketa tashuvchining birinchi bosqichini vertikal tarzda qaytarish texnologiyasini o‘zlashtirgan ikkinchi mamlakatga aylandi», — deyiladi maqolada.



