Turkmanistonda politsiya O‘zbekiston mobil aloqa operatorlarining SIM-kartalaridan foydalanayotgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha reydlarni boshladi. Tekshiruvlar qo‘shni respublika bilan chegaradosh Dashog‘uz viloyatidagi 60 dan ortiq aholi punktida yashovchi fuqarolarni qamrab olmoqda, deb xabar berdi «Ozodlik» radiosining mintaqaviy xizmati — «Azatlik».
Mahalliy aholi tasdiqlashicha, faqat so‘nggi bir necha kun ichida Diavar qishlog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘nta oiladan O‘zbekiston SIM-kartalarini musodara qilgan.
Ayrim holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qat’iy ogohlantirish bilan cheklanmoqda. Ayniqsa, fuqarolar internetdan faqat vaqt o‘tkazish uchun foydalanishlarini aytsa yoki politsiya ularning jarima to‘lash imkoniyati yo‘qligini aniqlasa.
Biroq, ko‘p holatlarda xorijiy aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalangani aniqlangan shaxslarga 50 ming manat miqdorida jarima (rasmiy kurs bo‘yicha 14,3 ming AQSH dollari, «qora bozor» kursi bo‘yicha esa 2,5 ming dollardan ortiq) yoki qamoq jazosi tahdid qilinadi. Huquq-tartibot idoralari bunday harakatlar xorijiy davlat foydasiga josuslik sifatida baholanishini ta’kidlaydi.
Shu bilan birga, jurnalistlar suhbatlashgan ko‘plab mahalliy aholi vakillari chegaraoldi hududlarida yashovchilar haqiqatdan ham qo‘shni mamlakat mobil operatorlari tarmog‘iga ulangan mobil aloqa va Wi-Fi routerlardan foydalanishni afzal ko‘rishlarini tan olganlar. Buning sababi, Turkmaniston operatorlari yoki juda zaif signal taqdim etadi, yoki ular orqali internetga umuman kirib bo‘lmaydi.
Foydalanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mobil operatorlari interneti tezligi Turkmaniston operatorlarinikidan 300 barobar yuqori.
«Hukumatimiz fuqarolarni sifatli aloqa bilan ta’minlay olmayapti, faqat cheklash va bloklashni biladi», — deydi chegaraoldi hududida yashovchi yana bir suhbatdosh.
Shu bois O‘zbekistonga tez-tez borib keladigan turkmanistonliklar u yerdan SIM-kartalar va routerlar olib kelishmoqda. Tadbirkorlikka moyil mahalliy aholi esa qishloqdoshlariga xorijiy operator tarmog‘iga ulanish xizmatini 200 manatga (rasmiy kurs bo‘yicha 57 AQSH dollari, «qora bozor» kursi bo‘yicha esa 10 dollar) taklif qilib, uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam bermoqda. Eng ommabop tarmoqlar «O‘zbektelekom» va Ucell hisoblanadi.
Taxminlardan biriga ko‘ra, politsiyaning O‘zbekiston SIM-kartalariga qarshi reydlariga Dashog‘uz viloyatining Go‘ro‘g‘li tumanida yuz bergan shov-shuvli voqea haqida internetda keng tarqalgan xabar sabab bo‘lgan. Iyul oyi boshida mahalliy aholidan biri olti nafar farzandining barchasini otib o‘ldirgani, so‘ng esa o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Aytilishicha, bu xabar qo‘shni davlat kompaniyalari taqdim etayotgan mobil internet orqali keng ommaga tarqalgan.
Shu bilan birga, aniqlik kiritilishicha, huquq-tartibot idoralarida O‘zbekiston SIM-kartalarini kuzatish imkonini beradigan maxsus uskunalar mavjud emas. Shuning uchun qoidabuzarlarni aniqlash maqsadida ular o‘z agentlaridan foydalanishadi. Chegaraoldi hududlari aholisining ta’kidlashicha, har bir aholi punkti va har bir maktabda shunday axborot beruvchilar bor. Agar bunday «hukumat yordamchilari» aniqlansa, mahalliy aholi politsiya shubhasiga tushib qolmaslik uchun ular bilan umuman muloqot qilmaslikka harakat qiladi.



