Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida Rossiyaga 4 ming litr yoqilg‘i olib chiqishning oldi olindi

pixabay.com fotosurati

Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida (bu hudud Rossiya bilan chegaradosh. — «Farg‘ona» izohi) Davlat daromadlari departamenti xodimlari Chegara xizmati bilan hamkorlikda davlat chegarasi orqali yoqilg‘ini noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan qariyb yuzta urinishning oldini oldi, deb xabar beradi mahalliy «Irbis» telekanali.

Viloyat Davlat daromadlari departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, jami qariyb 4 ming litr yoqilg‘i musodara qilingan. Jumladan, 1390 litr benzin va 2500 litr dizel yoqilg‘isi aniqlangan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, qoidabuzarlar ko‘pincha benzin va dizel yoqilg‘isini yengil avtomobillardagi kanistrlarda olib chiqishga urinishadi.

Avtomobil o‘tkazish punktlarida nazorat sutka davomida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, mobil guruhlar viloyat hududining barcha qismlarida ish olib bormoqda, mutaxassislar esa har kuni ichki bozordagi yoqilg‘i holati va AYOQSHlardagi (avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi) sotuv hajmlarini kuzatib bormoqda.

Departament rahbari Yerjan To‘qtarxonovning ma’lum qilishicha, tekshiruvlar Qozog‘iston Bosh vazirining topshirig‘i hamda Energetika vazirining yoqilg‘i olib chiqishni taqiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida o‘tkazilmoqda. 2026 yil 21 noyabrga qadar mamlakatda avtomobil transporti orqali benzin, dizel yoqilg‘isi va bir qator neft mahsulotlarini olib chiqish taqiqlangan (transport vositalarining yoqilg‘i baklaridagi yoqilg‘i bundan mustasno). Qozog‘iston hukumati avvalroq ushbu chora ichki bozorni yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun zarur ekanini ma’lum qilgan edi.

Nazorat choralarining kuchaytirilishi Rossiyadan kelayotgan «benzin turizmi» deb ataluvchi holatning ko‘payayotgani bilan bog‘liq. Yoqilg‘i narxlaridagi farqning ortishi va Rossiyaning ayrim hududlarida yoqilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar haqidagi xabarlar fonida Qozog‘istonning chegara hududlarida Rossiya raqamlariga ega avtomobillar oqimi ko‘paygan.