O‘zbekistonda yozgi mavsumda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. 13 iyul kuni mamlakat bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 278,6 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu 2025 yil 18 iyulda qayd etilgan avvalgi rekordga nisbatan 6 million kilovatt-soat yoki 2,2 foizga ko‘pdir. Bu haqda respublika Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, havo harorati yuqori bo‘lgan sharoitda O‘zbekiston yagona energetika tizimi yangi rekordni qayd etgan. Shu bilan birga, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi iste’moldan yuqori bo‘lib, 281,5 million kilovatt-soatga yetgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilgi rekord qayd etilgan kuni mamlakatning markaziy hududlarida havo harorati +40 daraja, cho‘l hududlarida esa +44 darajagacha ko‘tarilgan edi.
Joriy yilning iyul o‘rtalarida ham havo harorati xuddi shunday yuqori darajada saqlanmoqda. Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, bu vaziyat yana davom etishi kutilmoqda.
« Havo haroratining oshishi munosabati bilan yaqin kunlarda elektr energiyasi iste’moli va tizim yuklamasi bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etilishi kutilmoqda», — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Yangi rekord ko‘p kuttirmadi. Energetika vazirligining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, 14 iyul kuni O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 284 million kilovatt-soatga yetdi. Vazirlik ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich mutlaq rekord hisoblanadi, chunki u nafaqat yozgi, balki qishki davrdagi rekord ko‘rsatkichdan ham oshib ketgan.
Bunga qadar eng yuqori ko‘rsatkich 283 million kilovatt-soat darajasida qayd etilgan bo‘lib, u 2026 yil 24 yanvarga to‘g‘ri keladi.
Vazirlikda ma’lum qilishicha, jazirama issiq tufayli energetika korxonalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan. Maxsus avariya-tiklash brigadalari kechayu kunduz navbatchilik qilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik ogohlantirishicha, respublikaning ayrim hududlarida elektr tarmoqlaridagi texnik nosozliklar sabab elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar yuz berishi mumkin.
Shu bilan birga, mutasaddilar aholidan elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni so‘raydi. Xususan, eng yuqori yuklama kuzatiladigan soatlarda foydalanilmayotgan elektr jihozlarini o‘chirib qo‘yish tavsiya etilgan. Energetika vazirligi ta’kidlashicha, shu tariqa mamlakatning har bir fuqarosi barqaror elektr ta’minotini ta’minlash va tizimda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olishga hissa qo‘shishi mumkin.
G‘ayrioddiy issiq havo sharoitida O‘zbekiston Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha murojaat qildi. Tavsiyalarga ko‘ra, kunning eng issiq payti — soat 11:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqtda ochiq havodagi ishlarni cheklash yoki to‘liq to‘xtatib turish lozim. Shuningdek, xodimlarning toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, ularning muntazam ravishda soyada yoki salqin xonalarda dam olishi uchun sharoit yaratilishi hamda tibbiy nazorat ostida bo‘lishi zarurligi qayd etilgan.
Qayd etish joiz, joriy yili elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord Markaziy Osiyoning yana bir davlati — Qirg‘izistonda ham qayd etildi. «Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi ma’lum qilishicha, 29 iyun kuni respublika energetika tizimida elektr energiyasi iste’moli 47,1 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu yozgi mavsumda kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Energetiklar iste’mol hajmining o‘sishini yangi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy va sanoat obyektlarining foydalanishga topshirilishi bilan izohlagan. Shuningdek, kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, har yili elektr energiyasi iste’molchilari soni o‘rtacha 30 ming nafar abonentga ko‘payib bormoqda.



