Lukashenko о‘zbekistonlik ishchilarga «birodarona munosabat»ni va’da qildi. Odamlar esa maosh kamligidan norozilik bildirishdi

Aleksandr Lukashenko Shuhrat Abduraxmonov bilvan o‘zbekistonliklarni Vitebsk viloyatida ishga joylashtirish masalasini muhokama qilmoqda. Videodan kadr

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolariga «birodarona munosabat» va belaruslar bilan teng sharoitlar yaratilishini va’da qildi. U bu haqda 14 iyul kuni Vitebsk viloyatining Orsha tumaniga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida ma’lum qildi. Tashrif chog‘ida O‘zbekistonning Andijon viloyati bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar beradi BelTA.

Tashrifda Andijon viloyati hokimi Shuxrat Abdurahmonov ham ishtirok etgan. Muhokama qilingan loyihalar 9 iyul kuni Minsk shahrida Belarus va O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi. Asosiy e’tibor Vitebsk viloyati iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilish va hududda o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash masalalariga qaratilgan.

«Men O‘zbekiston prezidenti [Shavkat Mirziyoyev]ga bu ishni amalga oshiramiz, deb va’da berdim. Bu biz uchun manfaatli. Shu orqali Vitebsk viloyati rivojlanadi. Sut va go‘shtni sizlarga kerak bo‘lgan mahsulotlarga qayta ishlaysizlar. Agar yana qayta ishlash korxonasi zarur deb hisoblasangiz, biz uni birgalikda qo‘ramiz. Yoki o‘zingiz qurasiz. Bu sizlarning ishingiz. Bundan yakuniy narx — masalaning iqtisodiy tomoni hal bo‘ladi. Biz birodarlarcha ishlaymiz! Bunga shubha qilmasangiz bo‘ladi», — dedi Aleksandr Lukashenko.

U o‘zbekistonlik ishchilar uchun teng sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

«Bizda qishloqlarda nisbatan yaxshi uy-joylar bor. Birgalikda ularni tartibga keltiramiz. Va quriladigan narsalarni ham odamlar uchun quramiz. O‘zbek bo‘lsin, belarus bo‘lsin — farqi bo‘lmaydi. Farzandlaringiz bog‘cha va maktabga belarus bolalari bilan bir xil sharoitlarda boradi. Bu yerga kelganlar o‘zlarini biz uchun begona odamlar emasligini bilishi kerak. Biz bularning barchasini qilamiz. Faqat ishlasalar bo‘ldi», — deya ta’kidladi Belarus rahbari.

Belarus prezidenti ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatda 7000 nafar O‘zbekiston fuqarosi hisobda turibdi. Ularning bir qismi allaqachon ishlamoqda, ko‘pchiligi esa talabalar hisoblanadi. Hokimiyat vakillari o‘qishni tugatganidan so‘ng ularning ayrimlari Belarusda ishlashda davom etishini istisno qilmayapti.

O‘zbekistonliklarni nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasiga, balki qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalariga, shuningdek, kichik tibbiy xodimlar sifatida ishlashga jalb qilish rejalashtirilmoqda. 13 iyul kuni Belarusga 250 nafar kishi yetib kelgan. Shuningdek, Andijon viloyatidan yana 5000 nafar aholining hududga kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ular sentyabr oyidan boshlab har safar 500 nafardan kela boshlaydi. Vitebsk viloyati hokimiyatiga ularni qabul qilish uchun zarur sharoitlarni tayyorlash topshirilgan.

«Perviy informatsionniy» telekanali efirida Andijon viloyati hokimi Vitebsk viloyatiga yurtdoshlar kelganini tasdiqladi. «Ularga uy-joy berildi va ishlashlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Odamlar ishlashga tayyor», — dedi Abdurahmonov.

Biroq, Belarusga kelganidan keyingi kunning o‘zidayoq o‘zbekistonliklar taklif qilingan sharoitlardan norozi ekanini bildirishdi.

Nova24 xabariga ko‘ra, migrantlar video murojaat yozib, ularni Andijonga qaytarishni so‘rashgan. Ular uy-joy sharoiti yomonligi va ish haqi kamligidan shikoyat qilishgan.

«Bizga 500 dollardan ortiq maosh berilmasligini aytishdi, agar bu bizga yoqmasa — ketishimiz mumkinligini aytishdi. Biz bunday pulga ishlashdan bosh tortdik. Agar taxminan 200 dollar uy-joy va ovqatlanishga ketsa, yana qariyb 100 dollar maishiy xarajatlarga sarflansa, qo‘limizda atigi 200 dollar qoladi. Biz bunday pulga ishlashga tayyor emasmiz. Yaxshisi, bizni O‘zbekistonga qaytaringlar — u yerda ko‘proq daromad qilamiz», — deyishgan o‘zbekistonliklar.

Ularning murojaatiga javoban O‘zbekiston Migratsiya agentligi vaziyatni o‘rganib chiqishga va’da berdi. Agentlik ma’lum qilishicha, hozirda Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda voqea joyidagi holat o‘rganilmoqda. Agar ish beruvchi shartnoma shartlarini buzgani yoki ish haqini kamaytirib ko‘rsatgani aniqlansa, migrantlarga boshqa ish joylari taklif etiladi. Shu bilan birga, agentlik ta’kidlashicha, Belarus tomoni bilan tasdiqlangan loyiha shartlariga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi 900–1000 dollar bo‘lishi kerak, ayrim hollarda esa 1200 dollargacha yetishi mumkin.