Tahlilchilar: O‘zbekistonda benzin narxi Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarga nisbatan qimmat

kun.uz sayti fotosurati

2026 yil 13 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda AI-95 markali benzinning bir litri o‘rtacha 16,1 ming so‘mdan ortiq (1,34 AQSH dollari) turadi. Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarda esa avtomobil yoqilg‘isi arzonroq narxlarda sotilmoqda. Bu haqda ixtisoslashgan GlobalPetrolPrices portali tahliliy ma’lumotlarida keltirilgan.

Mintaqa mamlakatlari kesimida eng arzon benzin Turkmanistonda ekani qayd etilgan. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bu yerda uning narxi 1,5 manatdan (0,43 AQSH dollari) oshmaydi. Bu ko‘rsatkich respublikaga yoqilg‘i arzonligi bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi mamlakat qatoridan o‘rin olish imkonini beradi.

Qozog‘istonda ham, yoqilg‘i narxlarini baholovchi sayt ma’lumotlariga ko‘ra, AI-95 benzinining bir litri o‘rtacha 322 tenge yoki 0,68 AQSH dollaridan kamroq narxda sotilmoqda. Bu mamlakatning yirik shaharlaridagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari narxlarini e’lon qilib boradigan mahalliy axborot manbalaridagi ma’lumotlarga ham mos keladi.

Qirg‘izistonda esa benzin narxi nisbatan yuqoriroq. U yerda bir litr benzin o‘rtacha 89 som yoki taxminan 1,02 AQSH dollaridan sotilmoqda.

Tojikiston bo‘yicha ma’lumotlar global reytingda keltirilmagan. Biroq ma’lumki, yoqilg‘i narxi bo‘yicha aynan shu mamlakat O‘zbekiston bilan raqobatlasha oladi. Xususan, 11 iyul kuni Tojikistonda benzin narxi oshib, bir litri qariyb 13 somoniga, ya’ni taxminan 1,4 AQSH dollariga yetgani xabar qilingan.

GlobalPetrolPrices portali tahlilchilari dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi yoqilg‘i narxlarini o‘rganib chiqib, hozirgi kunda benzinning o‘rtacha jahon narxi bir litri uchun 1,47 AQSH dollarini tashkil etishini ma’lum qildi.

Shunday qilib, Markaziy Osiyodagi sobiq ittifoq respublikalarining barchasida benzin narxi hozircha jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori emas.

Eng arzon benzinga ega mamlakatlar uchligi quyidagicha:

✅ Liviya — 0,023 AQSH dollari;

✅ Eron — 0,029 AQSH dollari;

✅ Venesuela — 0,035 AQSH dollari.

Eng qimmat benzin esa Gonkongda qayd etilgan — bir litri 4,062 AQSH dollari. Undan keyingi o‘rinlarda Malavi, Isroil, Daniya va Niderlandiya joylashgan bo‘lib, bu mamlakatlarda benzinning bir litri iste’molchilarga 2,5 AQSH dollari va undan yuqori narxda sotilmoqda.