Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va Bishkekdagi Xitoy elchixonasi Markaziy Osiyo respublikasida yashayotgan Xitoy fuqarolari o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni birgalikda o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda kuch ishlatar idora matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘shma harakatlar rejasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Oktyabr Urmambetovning Xitoyning Favqulodda va Muxtor elchisi Lyu Szyanpin bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Uchrashuvda Xitoydan kelgan mehnat migrantlarining Qirg‘iziston qonunlariga rioya qilish zarurati haqidagi huquqiy xabardorligini oshirish, shuningdek, ularda mezbon mamlakatning an’analari, madaniyati va jamoat tartibiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Urmambetov ta’kidlashicha, Qirg‘iziston jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida Xitoy bilan hamkorlikka katta ahamiyat beradi. General qo‘shma ishlar huquqbuzarliklarning oldini olishga va ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Lyu Szyanpin, o‘z navbatida, diplomatik vakolatxona huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirib, Qirg‘izistonda mehnat qilayotgan Xitoy fuqarolari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish muhimligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu idora, Xitoy elchixonasi va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi vakillari mamlakatga kelgan fuqarolar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazgan. Ularga migratsiya qonunchiligi talablari, mamlakatda bo‘lish va mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi, shuningdek, xorijiy fuqarolarning huquq va majburiyatlari tushuntirilgan.
Alohida e’tibor mezbon mamlakat an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, jamoat tartibi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda vakolatli organlarga o‘z vaqtida murojaat qilish zarurligiga qaratildi.
Shuni qo‘shimcha qilish lozim, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham xorijdan ishchi kuchini jalb qilish masalasi haqida fikr bildirgan edi. Jumladan, u Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini qurishda xorijiy mutaxassislarga ehtiyoj borligini tan olgan.
«Faqat o‘z kuchimizga tayansak, mutaxassislar tayyorlash uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ladi, biz esa kutish imkoniga ega emasmiz. Qirg‘iziston orqali Xitoyning butun dunyo bilan bog‘laydigan eng muhim transport yo‘lagi o‘tadi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
O‘tgan hafta Norin viloyati militsiyasi Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishida ishlayotgan Xitoy fuqarolari bilan profilaktik suhbat o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur tadbir Xitoydan kelgan ishchilar ishtirokida bir nechta mojaroli holatlar yuz berganidan so‘ng o‘tkazildi. Ushbu voqealar natijasida ayrim xorijliklar o‘z vataniga deportatsiya qilingan.
Shu bilan birga, yaqinda Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti ma’muriyati vakili Dayirbek O‘runbekov ayrim muxolifat siyosatchilarni ijtimoiy tarmoqlarda ksenofobik qarashlarni, xususan, «Xitoyga qarshi kayfiyatlar»ni tarqatishda aybladi. Mulozim bunday nashrlarni to‘xtatishga chaqirib, aks holda jinoiy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.



