Investitsiyalar va eksport masalalariga befarq munosabatda bo‘lgani uchun O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 21 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Belarusdagi O‘zbekiston elchisi lavozimini 2024 yil fevral oyi boshidan buyon Rahmatulla Nazarov egallab kelayotgan edi. U bu lavozimga Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifidan bir necha kun oldin tayinlangan. O‘sha paytda ikki davlat 2024–2025 yillarda umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollaridan ortiq eksport shartnomalari va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib olgan edi. 2026 yil mart oyida Lukashenko qabul marosimida Nazarov 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatlar ushbu ko‘rsatkichga deyarli erishganini va endi yaqin vaqt ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Nazarovning «investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga befarq munosabatda bo‘lgani uchun» lavozimidan ozod etilganini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbari, shuningdek, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Ummon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilar faoliyati natijalaridan ham noroziligini bildirdi. U Prezident administratsiyasiga elchixonalar va konsulliklar faoliyatini iqtisodiy diplomatiya, investitsiyalarni jalb qilish va eksportni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, samarasiz rahbarlarning o‘rniga yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayinlash yuzasidan takliflar kiritishni topshirdi.
Mazkur yig‘ilishda oliy darajadagi 52 ta tashrif davomida kelishilgan, umumiy qiymati 213 milliard AQSH dollariga teng 1617 ta investitsiya loyihasi ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilishi ham ma’lum qilindi. Ularning «yo‘l xaritalari» ijrosini monitoring qilish Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatildi.



