Lukashenko o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga yuqori maosh uchun Rossiyaga borishni tavsiya qildi

Aleksandr Lukashenko. belta.by sayti fotosurati

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bir necha ming AQSH dollariga teng «juda katta maosh» olishni istagan O‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ishlash uchun Rossiyaga borishni tavsiya qildi. Bu haqda BelTA axborot agentligi xabar qildi.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada xorijliklar neft sanoati yoki boshqa sohalarda ish topib, yuqori maosh olishlari mumkin.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston fuqarolari Belarusga asosan qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash uchun keladi. Ular go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, ushbu mahsulotlar keyinchalik Markaziy Osiyo respublikasiga yetkazib beriladi.

Lukashenko mazkur loyiha o‘zining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan muzokaralari chog‘ida muhokama qilinganini eslatdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda yer va suv resurslari yetishmasligi, Belarusda esa ishchi kuchi tanqisligi kuzatilayotgani sababli tomonlar shunday tajribani amalga oshirishga qaror qilgan. Unga muvofiq, Markaziy Osiyo respublikasi fuqarolari Vitebsk viloyatiga taklif qilinib, o‘z mamlakati uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, agar mehnat muhojirlari «bizning tizimga mos kelsa», ular Belarusda o‘z fuqarolaridek ishga qabul qilinadi.

«Go‘sht, sut ishlab chiqaramiz — biz bu mahsulotlarni ularning bozorlarida sotamiz. Maosh ham shundan shakllanadi. <…> Mehnat unumdorligi qanchalik yuqori bo‘lsa, qancha ko‘p mahsulot ishlab chiqarilsa, ish haqi ham shuncha ko‘p bo‘ladi», — dedi Lukashenko.

U Belarus tomonidan muhojirlarga barcha ijtimoiy xizmatlar va kafolatlar taqdim etilishini ta’kidladi. Ya’ni tibbiyot va ta’lim sohalarida O‘zbekiston fuqarolari belaruslar bilan bir xil huquqlarga ega bo‘ladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu ham xarajatlar va katta mablag‘larni talab qiladi.

Belarusdagi o‘zbekistonlik ishchilar bilan bog‘liq voqea birinchi guruh ishchilarning norozilik bildirishidan so‘ng keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Vitebsk viloyatiga kelgan O‘zbekiston fuqarolari ularni vatanga qaytarishni so‘rab video murojaat yo‘lladi. Chunki ularga va’da qilingan 900–1000 dollar, ayrim hollarda esa 1200 dollargacha bo‘lgan maosh o‘rniga ish beruvchi oyiga ko‘pi bilan 500 dollar taklif qilgan, uy-joy va ovqatlanish xarajatlari esa ishchilarning o‘z zimmasiga yuklangan.

Biroq, ko‘rinishicha, nizoni hal qilishga erishilgan: ish beruvchi bilan muzokaralardan keyin muhojirlar yangi video yozib, oylik maosh 700 dollargacha oshirilgani, bepul tushlik va turar joy bilan ta’minlanganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, ular vatandoshlarini xorijda ishlash haqida «shoshma-shosharlik bilan xulosa qilmaslikka» chaqirdi.

Mirziyoyev esa, o‘z navbatida, 15 iyul kuni Minskda erishilgan kelishuvlarni, jumladan fuqarolarni uyushgan holda ishga joylashtirish masalasini jadal amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ayni paytda loyiha ko‘lami kengaymoqda: Lukashenko ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Belarusda 7000 nafar O‘zbekiston fuqarosi ro‘yxatda turibdi. Sentyabr oyidan boshlab Vitebsk viloyatiga har oy Andijon viloyatidan 500 nafardan fuqaro kela boshlaydi. Jami yana 5000 kishining kelishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lib, ularni qishloq xo‘jaligi, qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalari hamda kichik tibbiy xodimlar sifatida ishga jalb qilish rejalashtirilgan.