Tojikistonda yuzni tanib olish (Face ID) tizimi yordamida pensionerlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishning asosiy bosqichi yakunlandi. Yangilangan elektron bazaga qariyb 877 ming nafar pensiya oluvchining ma’lumotlari kiritildi. Bu haqda «Aziya-Plyus» nashri Ijtimoiy sug‘urta va pensiya agentligi direktori Abdurahmon Halimzodaga tayanib xabar berdi.
Kelgusida ham biometrik identifikatsiya doimiy tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Pensiya birinchi marta tayinlanayotgan fuqarolar Face ID tartib-taomilidan o‘tadi va yashash manzili hamda telefon raqami kabi shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etadi. Shuningdek, vafot etgan pensiya oluvchilar haqidagi ma’lumotlar reyestrdan chiqarib tashlanadi.
Agentlik, shuningdek, davolanish, o‘qish yoki boshqa sabablarga ko‘ra vaqtincha Tojikistondan tashqarida bo‘lib turgan pensionerlarni masofadan turib identifikatsiya qilish imkoniyatini ham ishlab chiqmoqda. Rejaga ko‘ra, ular mamlakatga maxsus qaytib kelmasdan, yuzni tanib olish (Face ID) orqali masofaviy tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Xizmat qachon ishga tushirilishi hozircha ma’lum qilinmagan.
Qayta ro‘yxatdan o‘tkazish davomida hukumat pensiyalarni noqonuniy olish holatlarini aniqladi. Jumladan, vafot etgan shaxslar nomiga pensiya to‘lovlari davom ettirilgani, shuningdek, boshqa davlat fuqaroligini olgan shaxslarga ham to‘lovlar amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Agentlik rahbarining ta’kidlashicha, noqonuniy to‘langan mablag‘lar qaytarib olingan.
Pensionerlarni ommaviy qayta ro‘yxatdan o‘tkazish 2025 yilning noyabr oyi ikkinchi yarmida boshlangan edi. Jarayondan o‘tish uchun fuqarolar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan agentlik bo‘limiga shaxsan murojaat qilishlari talab etilgan. Xodimlar pensionerning suratini olib, uning ma’lumotlarini maxsus elektron tizimga kiritgan.
Avvalroq qayta ro‘yxatdan o‘tmagan 14 mingdan ortiq pensionerga pensiya to‘lovlari vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ular ro‘yxatdan o‘tgach, pensiya to‘lovlari qayta tiklangan.
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Tojikistonda 876 990 nafar pensioner ro‘yxatga olingan. Ulardan 170 ming nafardan ortig‘i nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Sug‘urta to‘lovlarini hisobga olgan holda o‘rtacha pensiya miqdori 513 somoni (55 dollar), mehnat pensiyasi — 646 somoni (70 dollar), ijtimoiy pensiya esa 355 somonini (38 dollar) tashkil etadi.
Biometrik ma’lumotlar bazasini joriy etish mamlakat rahbariyati e’lon qilgan iqtisodiyot va davlat xizmatlarini raqamlashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Prezident Emomali Rahmon 2025–2030 yillarni «Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni rivojlantirish yillari» deb e’lon qilgan. Belgilangan vazifalar qatorida davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish, yagona ma’lumotlar bazasi va ularni qayta ishlash markazlarini yaratish, 5G tarmoqlarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruviga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish o‘rin olgan.
Shu bilan birga, mamlakat aholisi orasida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi hanuz pastligicha qolmoqda. Microsoft kompaniyasining generativ sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha reytingida Tojikiston Afg‘oniston, Turkmaniston va Burundi bilan birgalikda eng so‘nggi o‘rinni egallagan. Mamlakatda 15–64 yoshdagi aholining atigi 6,1 foizi bunday servislardan foydalanadi.



