Qozog‘iston Rossiya neftini o‘zining zavodlarida qayta ishlash bo‘yicha Moskva bilan muzokaralar olib bormoqda

pnhz.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Rossiya neftini o‘zining neftni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlash imkoniyati bo‘yicha Rossiya bilan muhokamalar olib bormoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi Reuters agentligi so‘roviga yo‘llagan yozma javobida ma’lum qildi.

«Rossiya neftini qayta ishlash va keyinchalik ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini Qozog‘iston Respublikasining ichki bozorida sotish hamda mahsulotlarning bir qismini Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish masalasi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda», — deyiladi Energetika vazirligi javobida.

Vazirlik ma’lum qilishicha, muzokaralar Qozog‘iston neftni qayta ishlash zavodlarining barqaror yuklanishini ta’minlash, ish o‘rinlarini saqlab qolish hamda ichki bozorni neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan. Vazirlik qo‘shimcha qilishicha, ehtimoliy kelishuvning asosiy sharti Qozog‘iston ichki bozori ehtiyojlarini to‘liq qondirishdan iborat bo‘ladi.

Shu bilan birga, Energetika vazirligi loyihada aynan qaysi neftni qayta ishlash zavodlari ishtirok etishi mumkinligi, shuningdek, yetkazib berish hajmlari va qayta ishlash shartlarini ochiqlamagan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, shartnomalarning tijoriy parametrlari, jumladan, yetkazib berish yo‘nalishlari va mahsulot hajmlari amaldagi qonunchilik doirasida bozor ishtirokchilarining o‘zi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, Energetika vazirligi Rossiyadan Qozog‘istonga aviatsiya yoqilg‘isi yetkazib berilishi Qozog‘iston benzinini Rossiyaga eksport qilish uchun shart emasligini ta’kidladi.

Hozirda Qozog‘istonda Rossiya neftini «Kondensat» neftni qayta ishlash zavodi qayta ishlamoqda. Ushbu zavod iyul oyida birinchi marta Rossiyaga avtomobil benzinini eksport qilgan.

So‘nggi oylarda Rossiya yoqilg‘i bozorida benzin va dizel yoqilg‘isi taqchilligi kuzatilmoqda. Bu holat neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq bo‘lib, ularning ko‘pchiligi dronlar hujumiga uchragan. So‘nggi nishonlardan biri Ryazan neftni qayta ishlash zavodi bo‘ldi. 29 iyul kuni dronlar hujumidan so‘ng korxona xom neftini qayta ishlashni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Yuzaga kelgan vaziyat an’anaviy ravishda Rossiya import ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlariga yoqilg‘i yetkazib berish hajmini qisqarishiga olib keldi.

Har yili Qozog‘iston va Rossiya yuqori mavsumiy talab hamda neftni qayta ishlash zavodlaridagi ta’mirlash davrlarida ichki bozorni ta’minlash maqsadida neft mahsulotlarini bojxona to‘lovlarisiz yetkazib berish bo‘yicha indikativ balanslarni kelishib oladi. 2026 yil uchun Rossiyadan Qozog‘istonga 285 ming tonna avtomobil benzini, 450 ming tonna dizel yoqilg‘isi va 300 ming tonna aviatsiya kerosini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.