Qirg‘iziston Rossiya bilan respublikaga oyiga 100 ming tonna benzin yetkazib berilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi

nur.kz sayti fotosurati

Qirg‘iziston hukumati Rossiya bilan Markaziy Osiyo respublikasiga har oy 100 ming tonna yoqilg‘i-moylash materiallari yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 24.kg nashri respublika Vazirlar Mahkamasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Doniyor Amangeldiyevga tayanib xabar berishicha, ushbu kelishuv yil oxiriga qadar amal qiladi.

Aynan shu mulozim Moskvada benzin importi masalasi bo‘yicha muzokaralar olib borgan Qirg‘iziston delegatsiyasiga rahbarlik qilgan. Bosh vazir o‘rinbosari ta’kidlashicha, Rossiya yoqilg‘isi bozor narxlarida xarid qilinadi.

Tomonlar hali kelishuvga erishmagan paytda Amangeldiyev Rossiya ichki muammolariga qaramay, imkoniyatlari doirasida Qirg‘izistonga yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi.

Rossiyada benzin va boshqa yoqilg‘i-moylash materiallari bilan bog‘liq inqiroz iyun oyi oxiridan buyon kuzatilmoqda. Yoqilg‘i taqchilligi Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga Ukraina dronlari hujumlari bilan izohlanmoqda.

Shu munosabat bilan Moskva avtomobil benzini eksportiga 31 iyulga qadar taqiq joriy etgan edi. Ushbu sanaga bir kun qolganda embargo 2027 yil 31 yanvarga qadar uzaytirildi. Joriy yil 1 sentyabrdan boshlab esa mamlakatdan dizel yoqilg‘isi olib chiqilishiga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Ko‘plab tahlilchilar fikriga ko‘ra, bunday cheklovlar ichki yoqilg‘i quyish shoxobchalarini narxlarning keskin oshishidan himoya qiladi, ammo neftni qayta ishlash zavodlarini dronlar hujumlari oqibatida shikastlangan infratuzilmani tiklash uchun zarur bo‘lgan daromadning bir qismidan mahrum qiladi.

Rossiyadagi inqiroz sababli boshqa mamlakatlarda ham benzin bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Jumladan, Rossiyadan benzin yetkazib berishga deyarli 100 foiz bog‘liq bo‘lgan Qirg‘izistonda ham shunday holat kuzatildi.

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar–may oylarida avtomobil yoqilg‘isi importi 22,3 foizga qisqarib, 327,1 million litrni tashkil etgan. Shundan 322,6 million litri Rossiyadan olib kirilgan. O‘tgan yilning dastlabki besh oyi ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, bu raqam qariyb 13 foizga kamaygan.

Shu munosabat bilan hukumat bir qator choralarni qabul qildi. Xususan, Qirg‘izistonda sentyabr oyi oxiriga qadar benzin, dizel yoqilg‘isi va avtomobil gazi uchun chakana savdodagi eng yuqori narxlar belgilangan. Shuningdek, iyul oyi o‘rtalaridan boshlab neft va neft mahsulotlarini avtomobil hamda temir yo‘l transporti orqali olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etildi.

Respublika yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yoqilg‘i tanqisligi kuzatilmoqda, uning narxi esa oshib bormoqda. Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 30 iyul kuni mamlakat bo‘yicha AI-95 markali benzinning o‘rtacha narxi 1 litr uchun qariyb 108,5 somni (deyarli 1 dollar), dizel yoqilg‘isi esa 101,5 somdan (0,91 dollardan) yuqorini tashkil etgan. Vaziyat inflyatsiyaga ham ta’sir ko‘rsatdi. Yillik hisobda inflyatsiya darajasi 11,3 foizni tashkil etgan.

Yoqilg‘i tanqisligi fonida hokimiyat organlari Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonga neft mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta’minlashda yordam so‘rab murojaat qildi.

Keyinroq Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi vakillari mamlakatga Xitoy va Belarusdan muqobil xomashyo kelayotganini ma’lum qildi. Ushbu xomashyo mahalliy neftni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlash uchun mo‘ljallangan.