30 iyul kuni Belarusning Orsha-Vostochnaya stansiyasidan «Slavyanskiy karavan» («Slavyan karvoni») birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri yuk poyezdi yo‘lga chiqdi. Ushbu poyezd Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi. Bu haqda BelTA xabar berdi.
Poyezd tarkibiga yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari, oziq-ovqat yuklari — shakar, kartoshka kraxmali, shuningdek, omuxta yemlar ortilgan vagonlar kiritilgan. «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibidagi «O‘ztemiryo‘lkonteyner» kompaniyasi ma’lum qilishicha, poyezd 71 ta vagondan iborat bo‘lib, Toshkentdagi Chuqursoy stansiyasiga yetib boradi.
Vagonlarni birlashtirish uchun Orsha-Vostochnaya stansiyasi tanlangan, chunki bu yerga Belarusning barcha hududlaridan yuklar kelib tushadi. Dastlabki bosqichda poyezd oyiga ikki marta qatnaydi, ayni paytda ikkinchi tarkib ham shakllantirilgan.
Belarus temir yo‘li (BTY) boshlig‘i Valeriy Verenich avval ham Belarus – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘ylab yuklar tashilganini ta’kidladi.
Biroq, yangi xizmatning asosiy farqi shundaki, poyezd Rossiya va Qozog‘iston hududlari orqali tarkibi tarqatilmasdan va qo‘shimcha to‘xtashlarsiz harakatlanadi. Bu yetkazib berish muddatini deyarli ikki baravar qisqartirish va yuklarni ishonchli saqlash imkonini beradi.
«Ushbu tarkib yo‘lovchi poyezdi kabi belgilangan jadval asosida harakatlanadi, ya’ni uning qachon jo‘nashi va qachon manzil nuqtasiga yetib borishini aniq bilamiz», — deya Verenich so‘zlarini keltiradi BelTA.
Poyezd tarkibiga 20 tonna sig‘imga ega alohida konteynerlarni ham qo‘shish mumkin. Verenichning tushuntirishicha, bu Belarusdagi kichik korxonalarga 60 tonna sig‘imli butun vagonni to‘ldirish uchun yuk to‘plab kutish zaruratidan xalos bo‘lish imkonini beradi. Endi ular mahsulotlarini kichik partiyalarda jo‘natishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, bir nechta yuk jo‘natuvchilarning yuklari uchun umumiy konteyner xizmatidan ham foydalanish mumkin. Kelgusida yuk turlarini kengaytirish va avtomobil transporti orqali yetkazilgan konteynerlar joylashtirilgan vagonlarni poyezd tarkibiga kiritish rejalashtirilmoqda. Bu multimodal tashish imkoniyatlaridan samarali foydalanishga imkon beradi.
Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik loyihaning ikki tomonlama manfaatli ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 tonnali konteynerni yetkazib berish avtomobil transportiga nisbatan kamida bir yarim baravar arzonga tushadi.
«Agar ilgari alohida vagonni yetkazib berish ikki oygacha vaqtga cho‘zilgan bo‘lsa, endi bu tarkib O‘zbekistonga 5–7 kun ichida yetib boradi», — dedi Rogojnik.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan yuklar bilan xuddi shunday tarkiblar yo‘lga chiqariladi. Belarusga yengil sanoat mahsulotlari va mevalar yetkazib berish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov aniqlik kiritishicha, qaytish yo‘nalishidagi poyezdlar Belarusga qovun, quritilgan mevalar va to‘qimachilik mahsulotlarini olib boradi. Rogojnik, shuningdek, avgust oyi o‘rtasida O‘zbekistonga tashrif buyurib, Andijon viloyati rahbariyati bilan yo‘l xaritasini imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.



