Mehnat stajini tan olish kelishuvini imzolash marosimi. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati
Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari ikki davlat hududida mehnat qilgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Qirg‘iziston Sotsial fondi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hujjat ratifikatsiya qilinganidan so‘ng kuchga kiradi.
Mazkur kelishuv qo‘shni respublikalar fuqarolariga qaysi davlatda rasman ishlaganidan qat’i nazar, pensiya huquqlarini saqlab qolish imkonini beradi.
Sotsial fond ma’lum qilishicha, pensiya tayinlashda har ikki respublikada orttirilgan sug‘urta staji hisobga olinadi. Har bir tomon o‘z hududida hisobga olingan mehnat staji uchun pensiya to‘lovlarini amalga oshiradi.
Pensiya to‘lovlari miqdori tegishli davlat qonunchiligi asosida belgilanadi. Bunda mehnat staji, ish haqi va sug‘urta badallari kabi mezonlar hisobga olinadi.
Hukumatlararo kelishuv ta’sir qiladigan shaxslar hozirgi yashash joyidan qat’i nazar, pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, hujjat boshqa davlatda vaqtincha ishlayotgan fuqarolar uchun sug‘urta badallarini ikki marta to‘lash holatlarining oldini olishga qaratilgan. Amaldorlarning fikricha, bunday yondashuv mehnat faoliyati va biznes yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi.
«Kelishuvning imzolanishi Qirg‘iziston–O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi va fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlash, mehnat mobilligini rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi», — deya Sotsfondda ta’kidlashdi.
Hujjat 30 iyul kuni ikki respublika prezidentlari — Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev ishtirokida imzolandi. Uchrashuv O‘zbekiston rahbarining Qirg‘izistonga tashrifi doirasida Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yil avgust oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ijtimoiy to‘lovlarni tayinlashda pensiya stajini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuv tuzgan edi. Unga ko‘ra, nafaqaga chiqqan shaxs qaysi davlatda ishlagani va yashashidan qat’i nazar, uning mehnat staji hisobga olinadi. Biroq, o‘sha paytda hujjat sohaviy idoralar darajasida imzolangan edi.
Qayd etish lozim, pensiya stajini o‘zaro tan olish masalasi Rossiya va sobiq SSSR respublikalari o‘rtasidagi munosabatlarda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Chunki ushbu davlatlardan ko‘plab odamlar Rossiyada ishlaydi yoki u yerga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tgan.
Ittifoq parchalanganidan keyin Rossiya hukumati MDH davlatlaridan kelgan va Rossiya fuqaroligini olgan shaxslarga pensiyalarni ular sug‘urta va boshqa badallarni qayerda to‘laganidan qat’i nazar rasmiylashtirib, to‘lab kelgan. Ammo 2023 yilda ushbu tartibni belgilab bergan hujjat yuridik kuchini yo‘qotdi.
Shundan so‘ng Moskva alohida kelishuvlar tuzishni boshladi. Masalan, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ishtirokchilari bilan tuzilgan tegishli kelishuv doirasida yana «pensiya dasturi» bo‘yicha hamkorlarga aylandi.
Ya’ni ushbu Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiyaga ko‘chib kelgan shaxslarga SSSR davridagi, mustaqillik yillaridagi — 2021 yilgacha bo‘lgan mehnat staji (Rossiyaning MDH davlatlari bilan kelishuvni bekor qilish jarayoni boshlangan davr), shuningdek, Rossiya hududidagi mehnat faoliyati ham hisobga olinadi.
Tojikiston bilan Rossiya o‘rtasida alohida kelishuv mavjud bo‘lib, unga ko‘ra Rossiya pensiyani hisoblashda muhojirning avvalgi yashash joyi hududida orttirgan butun mehnat stajini inobatga oladi.
Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida esa bunday kelishuvlar hozircha mavjud emas. Garchi tomonlar ushbu masala bo‘yicha bir necha yil davomida turli darajalarda muzokaralar olib borayotgan bo‘lsa-da.



