Qirg‘iziston prezidenti ishlari boshqaruvchisi Qanibek Tumanbayev amaldagi Rossiya pasportiga ega. Shu tariqa, mulozim Markaziy Osiyo respublikasi qonunchiligini buzgan hisoblanadi, chunki unga ko‘ra xorijiy fuqarolar davlat lavozimlarini egallashi mumkin emas. Ikkinchi pasport mavjudligi «Kloop» va Temirov Live nashrlari jurnalistlari tomonidan aniqlangan, keyinchalik bu ma’lumotni The Insider surishtiruvchilari ham tasdiqlagan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil may oyidan buyon prezident Sadir Japarovning ishlari boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelayotgan Tumanbayev Rossiya fuqarosi pasportini 2006 yilda olgan. Tegishli hujjat Volgograd shahrining Traktorozavod tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan.
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, 2018 yil iyun oyida Qirg‘iziston fuqarosi Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasi Anapa shahridagi Federal migratsiya xizmati bo‘limida yangi pasport olgan. Ayni paytda amal qilayotgan hujjat ham aynan shu pasport hisoblanadi.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tumanbayev 1981 yil 30 sentyabrda tug‘ilgan. Rossiya qonunchiligiga muvofiq, u yaqin orada 45 yoshga to‘lishi munosabati bilan pasportini almashtirishi kerak bo‘ladi. Buning uchun 90 kun muddat beriladi. Agar prezident ishlari boshqaruvchisi joriy yil oxirigacha Rossiya pasportini almashtirmasa, hujjat haqiqiy emas deb hisoblanadi. Biroq bu Rossiya fuqaroligidan mahrum bo‘lishini anglatmaydi. Fuqarolikdan chiqish uchun belgilangan hujjatlar to‘plamini taqdim etishni nazarda tutuvchi alohida tartib mavjud.
Har qanday holatda ham Tumanbayev Qirg‘iziston prezidenti ishlari boshqaruvchisi etib tayinlanishidan ancha avval ikki davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan. Demak, u yo Rossiya pasporti borligini yashirgan, yoki ish beruvchi bu holatga e’tibor qaratmagan.
Shu bilan birga, jurnalistlar qayd etishicha, amaldor Qirg‘izistonning xorijiy fuqarolarga siyosiy va maxsus davlat lavozimlarini, shuningdek, davlat organlarida rahbarlik lavozimlarini egallashni taqiqlovchi uchta qonuni talablarini buzgan bo‘lishi mumkin. Xususan, bu qoidalar quyidagi hujjatlarda belgilangan:
✅ Qirg‘iziston Konstitutsiyasining 38-moddasi;
✅ «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasi (ushbu qonun ikkinchi fuqarolik mavjudligi haqida davlat organlarini xabardor qilishni majburiy deb belgilaydi);
✅ «Davlat fuqarolik xizmati va munitsipal xizmat to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasi.
Jurnalistlarning ta’kidlashicha,
xorijiy fuqarolikni yashirish egallab turgan lavozimdan ozod etish uchun qonuniy asos hisoblanadi.
Biroq, ko‘rinishidan, «surishtiruv qahramoni» Japarov uchun muhim shaxs hisoblanadi. Aytish joizki, Tumanbayev avvalgi prezidentlar davrida ham o‘z mavqeini saqlab qolgan. Xususan, 2015 yilda u Almazbek Atambayev bilan bog‘liq bo‘lgan va hatto davlat rahbari partiyasidan parlament saylovlarida nomzod sifatida qatnashgan. 2020 yilgi saylovlarda esa o‘sha paytdagi prezident Sooronboy Jeenbekovning siyosiy birlashmasidan ishtirok etgan. Japarov hokimiyatga kelgach, Tumanbayev uning jamoasidan ham o‘rin olgan.
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, yangi rahbar davrida mazkur idora oddiy xo‘jalik tuzilmasidan milliardlab som aylanmasiga ega davlat korporatsiyasiga aylangan. Agar 2021 yilda boshqaruv tasarrufidagi korxonalar qariyb 771 million som (8,8 million dollar) daromad olgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 18 baravar oshib, 14,1 milliard somga (161,7 million dollar) yetgan. Joriy yil yakunlariga ko‘ra esa daromad 25 milliard somga (286 million dollar) yetishi kutilmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti ishlari boshqarmasi mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha keng vakolatlarga ega bo‘lib, ochiq tenderlar va shunga o‘xshash budjet tartib-taomillarisiz mablag‘larni ishlatish huquqiga ega. Idora 30 dan ortiq tashkilot faoliyatini nazorat qiladi: ular orasida ipotekali uy-joy qurilishi, haydovchilik guvohnomalarini berish va mamlakatdagi internet-trafikni nazorat qilish kabi yo‘nalishlar bor. Shuningdek, Prezident ishlari boshqarmasi yangi prezident saroyini qurish, Qorako‘l aeroportidagi uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish, «Ala-Archa» milliy bog‘ida turistik obyektlar barpo etish va Bishkekda turar joy majmualarini qurish loyihalarini amalga oshirmoqda. Surishtiruvchilar umumiy qiymati 137 million dollardan ortiq bo‘lgan kamida 11 ta shunday loyihani aniqlagan.
Bu loyihalarning barchasini Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan qirg‘izistonlik amaldor Tumanbayev boshqaradi.
ℹ️ Qanibek Tumanbayev Jalolobod viloyatida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini «Tuman elektr tarmoqlari» kompaniyasida elektrik sifatida boshlagan. Keyin Qozog‘iston, Turkiya va Rossiyada ishlagan. Vataniga qaytgach, xususiy biznes bilan shug‘ullangan. U «BKS» qurilish kompaniyasi asoschisi va rahbari hisoblanadi. 2015 yilda respublika parlamenti deputati bo‘lishga harakat qilgan. 2022 yil may oyidan buyon Qirg‘iziston prezidenti ishlari boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelmoqda.



