Qozog‘istondagi Tengiz koni operatori — «Tengizshevroyl» uch oylik tanaffusdan so‘ng neft eksportini Gruziyaning Batumi porti orqali qayta tikladi. Kompaniya Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) terminali orqali yuklash ishlari yana to‘xtatilgani fonida muqobil yo‘nalishdan foydalanishni faollashtirdi. Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar berdi.
Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, Tengiz konidan taxminan 20 ming tonna neft Batumi yo‘nalishiga jo‘natilgan. Xomashyo temir yo‘l sisternalari orqali Gruziya portiga yetkazilmoqda, u yerda esa keyinchalik Qora dengiz orqali Turkiyaga tashish uchun tankerlarga yuklanadi.
«Tengizshevroyl» ushbu ma’lumotga izoh bermagan.
KQK Qozog‘iston nefti eksportining 80 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi, jumladan, mamlakatning eng yirik konlari — Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoqdan olinadigan xomashyoni ham tashiydi. Biroq, 30 iyul kuni konsorsium Novorossiysk hududidagi dengiz terminalida neft yuklash ishlarini yana to‘xtatdi. Bunga tankerlarga navbatdagi dronlar hujumi sabab bo‘lgan.
KQK faoliyati uchun saqlanib qolayotgan xavflar fonida «Tengizshevroyl» eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilmoqda. Batumi yo‘nalishidan tashqari, kompaniya Germaniyaga neft yetkazib berish uchun «Drujba» neft quvuridan (2026 yil may oyigacha), shuningdek, Boku — Tbilisi — Jayhun (BTJ) yo‘nalishidan foydalanmoqda.
Avvalroq, 2026 yil mart oyida kompaniya KQK ishidagi cheklovlar sabab Batumi orqali eksportni uch yillik tanaffusdan so‘ng qayta tiklagan edi. O‘shanda noqulay ob-havo sharoiti va dronlar hujumi xavfi tufayli KQK faoliyati cheklangani ortidan kompaniya qariyb 97 ming tonna neft jo‘natgan.
Kaspiy quvur konsorsiumi faoliyatidagi uzilishlar avval ham Qozog‘istonda neft qazib chiqarish hajmlarining qisqarishiga olib kelgan, chunki mamlakat eksportining asosiy qismi aynan shu tizim orqali amalga oshiriladi. «Tengizshevroyl» kompaniyasining asosiy aksiyadori Amerikaning Chevron kompaniyasi bo‘lib, unga 50 foiz ulush tegishli. Yana 25 foiz ulush Amerikaning ExxonMobil kompaniyasiga, 20 foizi «QazMunayGaz»ga, 5 foizi esa Lukoil kompaniyasiga qarashli.
Batumi neft terminali «QazTransOyl» kompaniyasiga tegishli. Uning quvvati yiliga 12 million tonnagacha neft va neft mahsulotlarini qabul qilish imkonini beradi.



