2026 yilgi Jahon farovonlik reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston yetakchi deb topildi. Reyting tuzuvchilari respublikani 161 davlat orasida 66-o‘ringa qo‘ygan. Indeks Londonda joylashgan The Legatum Institute tadqiqot kompaniyasi tomonidan e’lon qilindi.
Tahlilchilar Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Freedom House va boshqa nufuzli muassasalar hamda manbalar ma’lumotlarini muntazam tahlil qiladi.
Reyting uchta asosiy yo‘nalish asosida shakllantiriladi:
✅ Rivojlanish (turmush darajasi, ta’lim va sog‘liqni saqlash);
✅ Erkinlik (fuqarolik tinchligi, fikr erkinligi va iqtisodiy erkinlik);
✅ Jamiyat (oila, mahalla va davlat institutlarining barqarorligi).
Britaniya tadqiqot kompaniyasining ta’kidlashicha, farovonlik faqat boylik bilan o‘lchanmaydi. Shuning uchun indeksda aholi va davlatlar hayoti sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa muhim omillar ham hisobga olinadi.
The Legatum Prosperity Index 2026 yangilangan talqiniga ko‘ra, Qozog‘iston 66-o‘rinni egallagan. Markaziy Osiyodagi mazkur davlat «rivojlanish» va «jamiyat» yo‘nalishlari bo‘yicha nisbatan yaxshi natija ko‘rsatib, jahon mamlakatlari orasida mos ravishda 52 va 45-o‘rinlarni oldi. Biroq «erkinlik» yo‘nalishida britanlik tahlilchilar uni past baholab, 112-o‘ringa joylashtirdi. Ekspertlar fikricha, ayniqsa fikr erkinligi va iqtisodiy erkinlik borasidagi ko‘rsatkichlar qoniqarsiz.
Shunga qaramay, Qozog‘istonni mintaqadagi eng farovon davlat deb atash mumkin. Ikkinchi o‘rindagi Qirg‘iziston undan ancha ortda qolib, reytingda faqat 87-o‘rinni egalladi. Reyting tuzuvchilari respublikaga faqat «jamiyat» yo‘nalishida nisbatan yuqori baho berib, uni 62-o‘ringa qo‘ygan. Qolgan mezonlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar past bo‘lib, ayniqsa turmush darajasi va iqtisodiy erkinlik umumiy natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekiston reytingda 94-o‘rinni egallagan. Bu yerda ham eng zaif yo‘nalish «erkinlik» bo‘lib, xususan, fikr erkinligi va iqtisodiy erkinlik past baholangan. Mazkur mezonlar bo‘yicha mamlakat mos ravishda 131 va 136-o‘rinlarni egallagan va shu sababli kuchli yuztalikdagi o‘rnini zo‘rg‘a saqlab qolgan. Shu bilan birga, ekspertlar jamoalarning birdamligi va sog‘liqni saqlash sohasini yuqori baholagan.
Tojikiston reytingda 129-o‘rinni egallagan. Bu mamlakatda ham «erkinlik» yo‘nalishi eng zaif ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, jahonda 146-o‘ringa joylashgan. Shuningdek, aholi daromadlarining pastligi sabab «rivojlanish» yo‘nalishidagi 110-o‘rin ham mamlakatni Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar orasida reytingning quyi qismiga tushirgan.
Turkmaniston esa jahon reytingida 150-o‘rinni egallagan. «Erkinlik» (158-o‘rin) va «jamiyat» (160-o‘rin) yo‘nalishlaridagi past baholar mamlakatning yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilishiga imkon bermagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, Afg‘oniston 155-o‘rindan joy olgan. Undan keyin faqat Afrika davlatlari — Somali, Burundi, Markaziy Afrika Respublikasi, Chad, Niger va Eritreya joylashgan.
Yangi farovonlik indeksida Rossiya 103-o‘rinni, Xitoy 110-o‘rinni, Eron 116-o‘rinni egallagan. Taqqoslash uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlari reytingda 17-o‘rindan joy olgan.
Reytingning birinchi o‘rinlarini to‘liq Yevropa davlatlari egallagan. Yetakchilikni Shveysariya saqlab qolgan. Keyingi o‘rinlarda Norvegiya, Irlandiya, Daniya va Finlyandiya qayd etilgan. Birinchi o‘ntalikdan Yevropadan tashqari boshqa qit’adan faqat bitta davlat — Avstraliya o‘rin olgan.



