«O‘zbekneftgaz» yil oxirigacha 1,1 million tonna benzin va qariyb 1 million tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqaradi

«O‘zbekneftgaz» AJ fotosurati

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati joriy yil oxirigacha 1,1 million tonna avtomobil benzini va 983 ming tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu rejalar korxonaning 2026 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati hamda yilning ikkinchi yarmi uchun ustuvor vazifalari yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan hisobotda bayon qilindi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Energetika vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov mamlakatda yiliga 1,2 million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilishi, qo‘shimcha ravishda yana 600–700 ming tonna import qilinishi haqida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat aholisining ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2026 yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston neftni qayta ishlash zavodlari ichki bozorga 614 ming tonnadan ortiq benzin va 568 ming tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib bergan. Agar «O‘zbekneftgaz» rejasiga muvofiq yil oxirigacha ushbu ikki turdagi yoqilg‘idan yana qariyb 2 million tonna ishlab chiqarilsa, respublika importni hisobga olmagan holda ham ichki ehtiyojni to‘liq ta’minlashi mumkin.

Shu bilan birga, kompaniya 310 ming tonna aviatsiya kerosini, 606 ming tonna suyultirilgan gaz va qariyb 1,2 million tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarishni ham rejalashtirmoqda.

Yig‘ilishda aviatsiya kerosini ishlab chiqarish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki murakkab geosiyosiy vaziyat tufayli Markaziy Osiyo orqali amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, iyul–dekabr oylarida aviakompaniyalarga 375 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi kerak bo‘ladi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga ko‘pdir. Davlat korxonasi vakillari mazkur ehtiyoj asosan mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari mahsulotlari hisobidan qoplanishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar siyosati sabab O‘zbekiston aviatsiya kerosinining muqobil yetkazib beruvchilarini izlamoqda. Hozirda Gruziya va Iroqdan aviatsiya yoqilg‘isi import qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Mas’ullar birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, mamlakatda 11,5 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, neft, dizel yoqilg‘isi, aviatsiya kerosini va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmlari prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» rahbariyatiga aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini neft mahsulotlari bilan barqaror hamda uzluksiz ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni topshirdi.

Yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlari sifatini oshirish, xususan, «O‘zbekgeofizika» kompaniyasini modernizatsiya qilish rejalari ham muhokama qilindi. Kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy dala 3D seysmik majmuasini xarid qilish uchun 38,8 million dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Markazda zamonaviy superkompyuter majmuasi o‘rnatiladi, yangi dasturiy ta’minotlar xarid qilinib, seysmik tadqiqotlarda sun’iy intellektdan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.