Yevropa Ittifoqi ekspertlari Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni baholadi

Yevropa Ittifoqi 2025 yilda dunyoning turli mamlakatlarida inson huquqlari va demokratiya bilan bog‘liq vaziyat haqida hisobot tayyorladi. Hujjatda Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha ham hisobotlar o‘rin olgan bo‘lib, ularda mazkur sohadagi vaziyat, shuningdek, respublika hukumatlarining Yevropa Ittifoqi ekspertlari bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorligining asosiy jihatlari yoritilgan.

Qozog‘iston

Mutaxassislar mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni bir xil emas, deb baholagan. Bir tomondan, o‘tgan yili bir qator islohotlar e’lon qilingan. Masalan, bir palatali parlamentga o‘tish yoki kassatsiya instansiyasini Oliy suddan ajratish kabi o‘zgarishlar nazarda tutiladi. Bunda mazkur o‘zgarishlar hokimiyat tomonidan «Adolatli Qozog‘iston» va «insonlarning fikriga quloq soladigan davlat»ni barpo etish konsepsiyasining bir qismi sifatida taqdim etildi.

Boshqa tomondan, salbiy holatlar ham kuzatilgan. Jumladan, fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini qonunchilik orqali cheklash, mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazish, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ustidan nazoratni kuchaytirish kabi holatlar huquqiy noaniqlik muhitining yuzaga kelishi va o‘zini o‘zi senzura qilish holatlarining kuchayishiga olib kelgan. Bundan tashqari, LGBT harakati vakillarining huquqlari cheklangan, ayniqsa yil oxirida noan’anaviy jinsiy munosabatlar targ‘ibotini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng bu holat yanada kuchaygan.

Qirg‘iziston

Yevropalik tahlilchilar fikricha, hisobot davrida mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etgan. Bunga mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilingan qarorlar sabab bo‘lgan. Xususan, 2025 yil avgust oyida ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, unga ko‘ra barcha OAV ro‘yxatdan o‘tishi shartligi va medialoyihalarda xorijiy ishtirok ulushi 35 foizdan oshmasligi belgilangan. Shuningdek, media kontenti ustidan nazorat kuchaytirilgan, bu esa jurnalistlarni siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilish holatlariga olib kelgan. Bundan tashqari, hokimiyat Qiynoqlarning oldini olish milliy markazini yopib, uni Ombudsman tasarrufiga o‘tkazgane.

Qirg‘izistonda korrupsiya jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda, Korrupsiyaga qarshi strategiya esa tanlab qo‘llanilmoqda. Milliy ozchilik vakillari hamda LGBT vakillari kamsitishga duch kelmoqda, din to‘g‘risidagi yangi qonun esa vijdon va e’tiqod erkinligini cheklab, diniy jamoalar huquqlarini toraytirmoqda.

Shu bilan birga, ijobiy jihat ham bor: Konstitutsiyaviy sud ayollar va bolalarga qarshi og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini joriy etish taklifini rad etdi. Biroq, qaror hukumat tashabbusiga qarshi jamoatchilikning jiddiy qarshiligidan so‘ng qabul qilingan.

Tojikiston

Mazkur davlatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat «murakkab» deb baholangan. Kuzatuvchilar jurnalistlar xavfsizligi, fikr bildirish erkinligi, shuningdek, aholining ayrim guruhlari, xususan, asosan Afg‘onistondan kelgan ayollar va qochqinlarning zaif holati bilan bog‘liq cheklovlarni qayd etgan.

Ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, OAV vakillari hibsga olinib, keyinchalik uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilingan. Jurnalistlar namoyishlarni yoritgani yoki hokimiyatni tanqid qilgani uchun sud qilingan kamida yettita holat ma’lum. Muxolifat vakillari va huquq himoyachilariga ham bosim o‘tkazilgan. Tog‘li Badaxshon faollarining ahvoli ham qoniqarsiz bo‘lib, ular «jinoyatchilar va ekstremistlar» deb atalgan hamda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ekspertlar ayrim ijobiy o‘zgarishlarni faqat oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash va penitensiar tizim faoliyatida qayd etgan. Biroq, hisobdorlik mexanizmlari to‘liq shakllanmagani sababli ushbu yo‘nalishlarda sezilarli taraqqiyot haqida ishonch bilan gapirish qiyin.

Turkmaniston

Bu respublikadagi vaziyatni Freedom House tashkilotining «Dunyoda erkinlik» reytingida mamlakatga mumkin bo‘lgan 100 balldan 1 ball bergani yaqqol ko‘rsatib turibdi. Mamlakatda OAV erkinligi, fikr bildirish va yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi cheklangan, diniy harakatlar va LGBT hamjamiyatlariga nisbatan tazyiqlar mavjudligidan xavotirlar bildirilgan. Mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llangan holatlar ham ma’lum. Barcha fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar muammosi bartaraf etilgani rasman tan olinganiga qaramay, Turkmaniston xorijda yashayotgan vatandoshlariga pasport berishni rad etishda davom etayotgani qayd etilgan.

Tahlilchilar ijobiy jihatlar qatorida gender tengligi masalalarini hal etishdagi o‘zgarishlar va Turkmaniston hukumatining majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorligini tilga olgan.

O‘zbekiston

Yevropa Ittifoqi vakillarining ta’kidlashicha, 2025 yilda O‘zbekistonda inson huquqlari va demokratiya sohasidagi vaziyat izchil yomonlashgan, deyarli barcha yo‘nalishlarda ortga ketish kuzatilgan. Jumladan, «rasmiy islohotlar»ga qaramay, fuqarolik va siyosiy huquqlar cheklangani, fikr bildirish va tinch yig‘ilishlar erkinligi bostirilgani, jurnalistlar, blogerlar va huquq himoyachilari jinoiy ta’qibga uchragani qayd etilgan.

Xalqaro ekspertlar yangi qonunlarning bir qator qoidalarini ham tanqid qilgan. Gap yopiq sud majlislarida olingan ma’lumotlarni oshkor qilishni jinoyat sifatida belgilash, NNTlarning xorijiy moliyalashtirish bo‘yicha hisobot berish majburiyatlarini kuchaytirish va boshqa choralar haqida bormoqda.

Shu bilan birga, tahlilchilar ijobiy jihatlarni ham qayd etgan. Masalan, O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga qo‘shilgan va havo sifatini yaxshilash bo‘yicha maxsus chora-tadbirlarni qabul qilgan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlagan. Gender tengligi sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan: nikohni bekor qilish jarayonida yarashish muddati bekor qilingan, onalar o‘limi ko‘rsatkichlarida ijobiy dinamika qayd etilgan, parlamentda xotin-qizlar vakilligi oshirilgan.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi