FT: Ukraina Vens iltimosidan so‘ng KQK tankerlariga hujumlarni to‘xtatdi

cpc.ru sayti fotosurati

Ukraina iyul oyi oxirida AQSH ma’muriyatining iltimosidan so‘ng Novorossiyskdagi neft tashuvchi tankerlarga qarshi intensiv hujumlarni to‘xtatdi. Bu haqda Financial Times Ukraina rasmiylari va vaziyatdan xabardor boshqa manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens 31 iyul kuni telefon orqali suhbat chog‘ida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Novorossiyskdagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) terminali bilan bog‘liq tankerlarga hujumlarni to‘xtatishni so‘ragan. Shundan so‘ng Ukraina tomoni terminal yaqinidagi tankerlarga zarba bermagan.

Financial Times ta’kidlashicha, Ukraina KQK infratuzilmasi va Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga, agar ular Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lmasa hamda Rossiya nefti yoki boshqa Rossiya yuklarini tashimasa, hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan.

Ukrainalik yuqori martabali amaldor nashrga Kiyev amerikalik hamkorlarining iltimosini inobatga olgani va kelishuvni amalga oshirish uchun tegishli «mexanizmlar»ni yaratganini tasdiqlagan.

Shu bilan birga, AQSH va Ukraina rasmiylari hozircha Financial Times xabariga ommaviy ravishda izoh bermagan.

AQSH ma’muriyati vakili nashrga Vashington Kaspiy quvurlari konsorsiumini Qozog‘iston neftini Yevropa bozorlariga yetkazib berishning muhim hayotiy kanali sifatida ko‘rishini bildirgan. Vashington bahosiga ko‘ra, ushbu yo‘nalish Rossiya energiya resurslariga muqobil hisoblanadi.

Ukraina pozitsiyasidan xabardor Financial Times manbasining ta’kidlashicha, Kiyev Vashingtonning iltimosini, shuningdek, AQSHdan Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini olish umidida qabul qilgan. Ukraina qishga qadar bir necha yuzta shunday raketa sotib olishni rejalashtirmoqda. Qishda Rossiyaning muhim infratuzilma obyektlariga havo hujumlarini kuchaytirishi kutilmoqda.

Vashingtonning aralashuviga KTK terminali yaqinida tankerlarga iyul oyida amalga oshirilgan dron hujumlari seriyasi sabab bo‘lgan. 19 iyul kuni neft yuklash to‘xtatilgan, 27 iyulda qayta tiklangan, 29 iyul kuni esa terminal yaqinidagi kemalar yana hujumga uchragan. Bu zarbalar uchun hech kim ochiq ravishda javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. KQK bilan bog‘liq sakkizta kema zarar ko‘rganini hisobga olganda, iyul Rossiya bilan bog‘liq neft aktivlariga hujumlar soni bo‘yicha eng faol oy bo‘lgan.

Qozog‘iston uchun yuzaga kelgan uzilishlar bevosita iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelgan. Respublika Energetika vazirligi KQK faoliyati to‘xtatilgani sabab neft qazib olish hajmi kamayganini ma’lum qildi, Tashqi ishlar vazirligi esa hujumlarni mamlakatning iqtisodiy manfaatlariga tajovuz sifatida baholadi.

O‘tgan hafta Bloomberg o‘z manbalarga tayanib, Ukraina AQSH vakillari bilan muzokaralardan so‘ng KQK infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish majburiyatini olgani haqida xabar bergan edi. Biroq, Kiyev bunday kelishuv mavjudligini ochiq tasdiqlamadi.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor