Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati xodimlari uran qazib olish bilan shug‘ullanuvchi «Qazatomsanoat» milliy atom kompaniyasi boshqaruv a’zosi Quanysh Omarbekovni qo‘lga oldi, deya xabar berаdi idora matbuot xizmati.
Omarbekov bilan birga yana bir qator shaxslar ham ushlangan — ularning barchasi respublikaning «Samruq-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasidagi korrupsiyaviy sxemaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda, mazkur jamg‘armaning yuqori lavozimli rahbari avvalroq hibsga olingan edi.
Gumonlanuvchilar 23 noyabr kuni qo‘lga olingan. Hozirda ular vaqtincha saqlash izolyatorida qolmoqda.
Qo‘mita matbuot xizmati qayd etishicha, o‘ta yirik miqdorda yoki jinoiy guruh tomonidan pora berish moddasi (Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 367-moddasi 4-qismi) bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Mazkur modda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki pora summasining oltmish baravari miqdorida jarima hamda davlat sektorida ishlashni umrbod taqiqlashni nazarda tutadi. MXQ tergov siriga tayangan holda, surishtiruvning boshqa tafsilotlari, holatlari va pora miqdorini ochiqlamadi.
Omarbekov «Qazatomsanoat»da ishlab chiqarish bo‘yicha direktor lavozimida faoliyat yuritgan. U ushbu lavozimga 2023 yil 23 iyunda tayinlangan bo‘lib, o‘sha yilning 29 iyunidan esa boshqaruv tarkibiga kiritilgan edi. Bu orada «Qazatomsanoat» maxsus bayonot bilan chiqib, unda Omarbekovni «ishlab chiqarish bo‘yicha sobiq direktor» deb atadi. Kompaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilayotganini va tergovga ko‘maklashayotganini ta’kidladi.
«Qazatomsanoat» rahbariyatiga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani haqidagi axborot so‘nggi ikki kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, ammo rasmiy tasdiq endi e’lon qilindi.
«Qazatomsanoat» «Samruq-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasi tarkibiga kiradi. 12 noyabr kuni MXQ jamg‘arma boshqaruvi raisi Nurlan Jaqupovni hamda korrupsiyada gumonlanib, «Qozog‘iston temir yo‘llari» sobiq rahbari Eljas Otinshiyevni ushlagani ma’lum bo‘ldi. Ikki kun o‘tib, tergov sudi ularni qamoqqa olishga sanksiya berdi.
13 noyabr kuni respublika prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashining tezkor yig‘ilishini o‘tkazib, unda yuz bergan voqeani «davlat kompaniyalaridagi korrupsiya ko‘lamini ko‘rsatuvchi jiddiy signal» deb atadi.



