Qozogʻiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi 2027 yildan boshlab ijtimoiy yordam tayinlashda fuqarolarning qaysi bank operatsiyalari va mol-mulki hisobga olinishiga oydinlik kiritdi. Idora oilalarning farovonligini baholash boʻyicha yangi tizim shaxsiy bank koʻchirmalariga kirish huquqiga ega boʻlmasligini hamda kundalik xaridlar, qarindoshlar va doʻstlar oʻrtasidagi pul oʻtkazmalarini kuzatmasligini maʼlum qildi, deyiladi vazirlik saytida.
Fuqarolarning moddiy ahvolini aniqlash uchun banklar Oilaning raqamli kartasiga umumlashtirilgan va shifrlangan maʼlumotlarni uzatadi. Aniq summalar va alohida operatsiyalar oʻrniga tizimga koʻrsatkichlar oraligʻi, masalan, hisobvaraqlar va depozitlardagi oʻrtacha kunlik qoldiqlar hamda ayrim xarajat toifalari kelib tushadi. Farovonlikni hisoblashda tegishli oraliqning quyi chegarasidan foydalaniladi.
Bank kartalari va joriy hisobvaraqlardagi kam miqdordagi mablagʻlar, roʻzgʻor uchun xaridlar, qarindoshlar oʻrtasidagi oʻtkazmalar hamda «Otbasi bank»dagi uy-joy jamgʻarmalari yakuniy baholashga taʼsir koʻrsatmaydi. Bunda moliyaviy ahvol har bir shaxs uchun alohida emas, balki umuman oila uchun belgilanadi.
Vazirlik, shuningdek, kundalik ehtiyojlar uchun moʻljallangan yagona kvartira yoki avtomobil borligining oʻzi ijtimoiy yordamni rad etishga asos boʻlmasligini taʼkidladi. Ishlab chiqarilganiga 20 yildan oshgan avtomobillar va qishloq xoʻjaligi texnikasi, shuningdek, avariya holatidagi uy-joylar hisob-kitoblarda inobatga olinmaydi. 15 yildan ortiq vaqt davomida foydalanilgan koʻchmas mulk uchun devorlar materialiga qarab kamaytiruvchi koeffitsiyentlar koʻzda tutilgan. Bank garovida turgan yagona turar joyga ham xuddi shunday yondashuv qoʻllanadi.
Shu bilan birga, bir nechta koʻchmas mulk obyekti, qimmatbaho avtomobillar, tijorat binolari, ishlab turgan biznes va maydoni besh gektardan ortiq yer uchastkalari oilaning yuqori darajadagi farovonligidan dalolat berishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida tizim bolalar, keksa qarindoshlar, nogironligi boʻlgan yoki ogʻir surunkali kasalliklarga chalingan insonlarni boqish xarajatlarini, shuningdek, ipoteka va muddati oʻtgan kreditlarni ham hisobga oladi.
Mehnat vazirligi yangi mezonlar nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik nafaqalariga taʼsir qilmasligiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Fuqarolarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, ishdan ayrilganda, homiladorlik va tugʻish hamda bir yarim yoshgacha boʻlgan bola parvarishi boʻyicha sugʻurta toʻlovlari saqlanib qoladi. Bundan tashqari, 2027 yildan boshlab ayollar Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan bola parvarishi boʻyicha toʻlovlarni toʻliq saqlagan holda muddatidan oldin ishga chiqishlari mumkin boʻladi.
Oilalarning farovonligi 30 dan ortiq davlat axborot tizimlari maʼlumotlaridan foydalangan holda avtomatik tarzda baholanadi. Olingan maqomni har oyda yangilab turish rejalashtirilmoqda. Vazirlik mulozimlar hisob-kitob natijalarini qoʻlda oʻzgartira olmasligini bildirmoqda. Biroq davlat bazalarida eskirgan maʼlumotlar, masalan, allaqachon sotilgan avtomobil haqidagi yozuvlar qolib ketsa, xatoliklar yuz berishi mumkin. Bunday hollarda fuqarolar tegishli idoralar orqali maʼlumotlarni toʻgʻrilatishlariga toʻgʻri keladi.
Oila farovonligining dastlabki bahosini hozirning oʻzidayoq eGov Mobile ilovasidagi maxsus kalkulyator yordamida tekshirib koʻrish mumkin.
Qozogʻiston rasmiylari ijtimoiy yordam taqsimlashning yangi tizimiga oʻtilishi haqida oktabr oyidayoq eʼlon qilgan edi. 2027 yildan boshlab ayrim nafaqalarni tayinlashda fuqarolarning muayyan ijtimoiy toifaga mansubligigina emas, balki oilaning haqiqiy daromadlari, xarajatlari va mol-mulki ham hisobga olinishi nazarda tutilgan. Buning uchun xonadonlarni beshta taʼminlanganlik darajasiga ajratuvchi Oilaning raqamli kartasidan foydalaniladi. 2027 yil 11 yanvardan Mehnat vazirligi sinov loyihasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, uning natijalari islohotni kelgusida joriy etishda qoʻllaniladi.



