AQShning Eldridge investitsiya kompaniyasi Rossiyaning «Lukoyl» shirkatiga tegishli Qozogʻistondagi ikki yirik neft-gaz loyihasi — Tengiz va Qorachigʻanoqdagi ulushlarni sotib oladi. Bu haqda bitim tafsilotlaridan xabardor manbasiga tayangan holda Forbes Kazakhstan xabar berdi.
Nashr suhbatdoshining maʼlum qilishicha, bitim «Lukoyl»ga tegishli boʻlgan «Tengizshevroyl»dagi 5% hamda Qorachigʻanoq loyihasidagi 13,5% ulushni oʻz ichiga olgan. Manbaning baholashicha, kelishuvni toʻliq yopish uchun taxminan bir yil talab etilishi mumkin.
Nashrning yozishicha, 26 noyabr kuni «Lukoyl»ning xorijiy aktivlarini sotib olish boʻyicha yakuniy kelishuv imzolangani maʼlum boʻldi. Xaridor sifatida xalqaro konsorsium ishtirok etmoqda, uning tarkibiga Eldridge’dan tashqari AQShning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), BAAning Catena Investment Holding investitsiya kompaniyasi hamda Xtellus Partners moliyaviy guruhi kiradi.
Gap «Lukoyl» Rossiyadan tashqaridagi aktivlarini boshqaradigan LUKOIL International GmbH kompaniyasini sotib olish haqida bormoqda. Bitim aksiyalarni almashishni nazarda tutadi: konsorsium muomalasi cheklangan «Lukoyl» OAJ va Rossiyaning boshqa kompaniyalari aksiyalarini LUKOIL International GmbH’ning 100 foiz ulushiga almashtirib beradi.
Bitimni nihoyasiga yetkazish uchun AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) hamda boshqa tartibga soluvchi organlarning roziligi talab etiladi. Uning narxi rasman ochiqlanmagan, biroq Upstream nashri LUKOIL International xorijiy boʻlinmasini taxminan 20 milliard dollarga baholamoqda.
Qozogʻistondagi aktivlarning yangi egalari ixtiyoriga oʻtishi uchun mamlakat davlat organlari bilan alohida kelishuv talab etilishi yoki yoʻqligi hozircha nomaʼlum boʻlib qolmoqda.
Forbes Kazakhstan izoh olish uchun Energetika vazirligi, «QazMunayGaz» va «Tengizshevroyl» MChShga murojaat qildi. Energetika vazirligi anonim manbalarga asoslangan maʼlumotlarga izoh bermasligini maʼlum qildi.
Qorachigʻanoq loyihasining 10 foiziga egalik qiluvchi «QazMunayGaz»da aniqlik kiritilishi bilan «Lukoyl» bilan birgalikdagi qoʻshma loyihalarning keyingi amalga oshirilishi haqida xabar berishlarini bildirishdi. Tengiz koni operatori hisoblangan «Tengizshevroyl» esa rasmiy izoh tayyorlashga vaʼda berdi. Forbes Kazakhstan «Lukoyl» OAJga 11 noyabr kuni soʻrov yuborgan, biroq xabar eʼlon qilingan vaqtgacha javob olmagan.
Qozogʻistonda «Lukoyl», Tengiz va Qorachigʻanoq loyihalaridagi ulushlaridan tashqari, Olmaota viloyatida surkov moylari ishlab chiqaruvchi zavodni boshqaradigan «Lukoyl Lubrikants Markaziy Osiyo» MChShning 100 foiziga egalik qiladi. Bundan tashqari, 2023 yili «QazMunayGaz» va «Lukoyl» Kaspiy dengizining Qozogʻiston sektoridagi Qalamqas-dengiz, Xazar va Auezov yer qaʼri uchastkalarini oʻzlashtirish boʻyicha kelishuvlar tuzgan edi. Rossiya kompaniyasining ushbu loyihadagi ulushi 50 foizni tashkil etadi. Ushbu aktivlar ham bitim doirasiga kiritilishi mumkin, biroq bu maʼlumotning rasmiy tasdigʻi hozircha yoʻq.
Qozogʻistonlik jurnalist Oleg Chervinskiy oʻzining Telegram-kanalida taʼkidlashicha, «Lukoyl»ning xorijiy aktivlarining yangi egasi tuzilmasida AQShning DFC davlat institutining ishtirok etishi Kaspiy mintaqasidagi manfaatlar muvozanatini oʻzgartiradi, chunki Vashington «Markaziy Osiyo energetika zanjirida qoʻshimcha institutsional taʼsir dastagiga» ega boʻladi.



