Gretsiya tankeri Novorossiysk yaqinidagi KQK terminalida hujumga uchradi

Illustrativ fotosurat. Nicolas Economou/NurPhoto via Getty Images

Grek neft tankeri Skiros Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) terminalida neft yuklab olganidan so‘ng Qora dengizda hujumga uchradi, deb xabar beradi Bloomberg manbalarga tayanib.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 16 avgust kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Qariyb 1 million barrel neft sig‘dira oladigan Suezmax toifasidagi tanker KQK terminalidan chiqqach, hujumga uchragan. Manbalarning aytishicha, unga yuklangan neft partiyasi Rossiyaga tegishli bo‘lgan.

Bu KQK terminaliga kirgan kemalarga qariyb uch haftalik «tinchlik»dan keyin sodir bo‘lgan birinchi hujum bo‘ldi.

Kemani boshqaruvchi kompaniya ma’lum qilishicha, hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan. Shuningdek, neft sizib chiqishi yoki atrof-muhit ifloslanishi kuzatilmagan.

Avvalroq, Kaspiy quvurlari konsorsiumining dengiz terminali akvatoriyasida tankerlar bir necha bor dronlar hujumiga uchragandi. Buning oqibatida neft yuklash ishlari to‘xtatilgan, Qozog‘iston esa uglevodorod qazib olish hajmini kamaytirishga majbur bo‘lgandi.

12 avgust kuni Financial Times manbalarga tayanib, Ukraina AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning tegishli iltimosidan so‘ng Novorossiyskdagi KQK terminalidan foydalanayotgan tankerlarga hujum qilishni to‘xtatganini xabar qilgandi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev KQK infratuzilmasi va Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan. Buning uchun ular Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lmasligi hamda Rossiya nefti yoki yuklarini tashimasligi shart.

ℹ️ Kaspiy quvurlari konsorsiumi Qozog‘istonning uchta yirik koni — Tengiz, Qashag‘an va Qrachig‘anoqdan qazib olinayotgan neftni Novorossiysk yaqinidagi dengiz terminaliga yetkazib beradi. 2025 yilda KQK orqali qariyb 70,5 million tonna neft tashilgan. Ushbu hajmning 75 foizdan ortig‘i xorijiy yuk jo‘natuvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida eng yiriklari — «Tengizshevroyl» (Chevron), ExxonMobil, «QazMunayGaz», Eni va Shell kompaniyalaridir.

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?