Afg‘onistonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston kompaniyalari bilan 267 million dollarlik 20 ta kelishuv imzoladi

pajhwok.com fotosurati

Afg‘onistonlik tadbirkorlar va O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati ishbilarmon doiralari vakillari umumiy qiymati 267 million dollar bo‘lgan 20 ta savdo kelishuvini imzoladi. Bu haqda Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi, deb xabar beradi Pajhwok Afghan News.

Kelishuvlar 30 avgust kuni Qobulda ikki davlat xususiy sektor vakillarining ishbilarmonlik uchrashuvi doirasida imzolangan. Unda Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ahmadulla Zohid, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shuhrat Murodov, O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi, shuningdek, tadbirkorlar va investorlar ishtirok etgan.

Afg‘oniston vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvlar oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik va qurilish materiallarini yetkazib berish, shuningdek, chorvachilik, elektronika va mebel ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni qamrab oladi.

Ahmadulla Zohid o‘zaro delegatsiyalar tashrifidan so‘ng Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar hamda savdo hajmi oshganini ta’kidladi. U savdo va tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, biznes uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga chaqirdi.

Afg‘onistonlik amaldor, shuningdek, mamlakat uchun tranzitning muhim ahamiyatini qayd etib, vazirlik Afg‘oniston eksport tovarlarini O‘zbekiston hududi orqali tashish masalasini Toshkent bilan muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shuhrat Murodov, o‘z navbatida, viloyat Afg‘oniston delegatsiyalari va tadbirkorlarini qabul qilishga, shuningdek, afg‘on eksport tovarlarini O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga tashishga ko‘maklashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Yangi kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy aloqalar jadal kengayib borayotganining navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Iyul oyida Kobulda Afg‘oniston–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tgandi va uning yakuniga ko‘ra yana 22 ta savdo kelishuvi imzolangandi. Forumda ikki mamlakatdan 600 ga yaqin tadbirkor, investor va davlat organlari vakillari ishtirok etgan.

O‘shanda Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yillik savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishga umid bildirgan. O‘zbekiston, shuningdek, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo markazlarini tashkil etish hamda Afg‘onistonning energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat sektorlariga investitsiya kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Qobul uchun O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish Afg‘oniston–Pokiston chegarasida saqlanib qolayotgan muammolar sharoitida alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyo bilan savdo va tranzitni amalga oshirish uchun muqobil yo‘nalishni taqdim etadi.

Shu bilan birga, 30 avgust kuni imzolangan kelishuvlar xususiy sektor vakillari o‘rtasida tuzilgan. Afg‘oniston hukumati hozircha muayyan loyihalarni amalga oshirish muddatlari va ushbu kelishuvlar doirasidagi amaldagi yetkazib berish hajmlarini oshkor qilmagan.