O‘zbekiston hukumati gaz ta’minotining butun tizimini isloh qilish doirasida aholi uchun suyultirilgan gazni xarid qilish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan LPG-Trade kompaniyasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Tegishli takliflar 7 sentyabr kuni o‘tkazilgan taqdimotda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuvda aytilishicha, ayni paytda mamlakatda qariyb 3,8 mln iste’molchi va 2 mingga yaqin ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. 2026 yilda aholi va ijtimoiy obyektlar ehtiyojlari uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Amaldagi tizimda qator muammolar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim hududlarda suyultirilgan gaz iste’molchilarga belgilangan muddatda yetib bormayapti. Natijada aholi qo‘shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur bo‘lmoqda. Taqdim etilgan tahlilga ko‘ra, iste’molchilarning 22 foizi suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq interval bilan oladi. Bunday kechikishlar sharoitida ayrim oilalarning oylik xarajatlari amalda belgilangan narxdan bir necha baravar yuqori bo‘lib qolmoqda.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgazta’minot” ta’sischiligida “LPG-Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Hozirda aholi va ijtimoiy soha obyektlari suyultirilgan gazni imtiyozli narxlarda oladi. Shu bilan birga, gazni ishlab chiqarish, import qilish, xarid qilish va yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi farq yildan-yilga oshib bormoqda. Bu esa budjet subsidiyalariga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib kelmoqda.
Barcha uchun narxni subsidiyalash o‘rniga, hukumat yordamga haqiqatan muhtoj bo‘lgan fuqarolarning xarajatlarini qoplashni rejalashtirmoqda. Suyultirilgan gazning chakana narxini iqtisodiy jihatdan asoslangan tamoyillardan kelib chiqqan holda belgilash rejalashtirilmoqda.
Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilanadi.
Bunday yondashuv narx siyosatini tartibga solish va muhtoj oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy etish imkonini beradi. Budjet mablag‘larini umumiy subsidiyalar o‘rniga aniq iste’molchiga yo‘naltirish tizimning adolatliligi va samaradorligini oshirishi kutilmoqda.
Ijtimoiy soha obyektlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida xarid qilish taklif etilmoqda. Aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy farqni respublika budjeti hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur jarayonda operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar bo‘lishi, xizmatlar kamida ikki operator tomonidan amalga oshirilishi, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Iste’molchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu tajribani keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Mirziyoyev islohotlarni puxta hisob-kitob asosida, aholi uchun qulaylik va ijtimoiy adolat tamoyillarini ta’minlagan holda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. U gaz yetkazib berishni aniq grafik asosida yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamli shaklga o‘tkazish, taqsimotni shaffof qilish hamda sun’iy taqchillik yoki narxlarni asossiz oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Tegishli idoralar oldiga ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, gaz obyektlarida va uni tashish jarayonida xavfsizlik texnikasi talablariga qat’iy rioya etilishini nazorat qilish, shuningdek, xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish vazifalari qo‘yildi.
Yangi tizim gazni yetkazib berishni tezlashtirishi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashi hamda budjet mablag‘laridan yanada manzilli va samarali foydalanish imkonini berishi kutilmoqda.



