Seulda Janubiy Koreya — Markaziy Osiyo birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi

AI fotosurati

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon 16 sentyabr kuni Seulda Markaziy Osiyoning barcha besh davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirokida birinchi sammitni o‘tkazadi. Bu haqda Reuters Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyatiga tayanib xabar beradi.

Umumiy uchrashuvdan oldin Li Chje Myon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan alohida muzokaralar o‘tkazadi. Ikki tomonlama uchrashuvlar 14–16 sentyabr kunlariga rejalashtirilgan.

Sammitning asosiy mavzulari savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, strategik ahamiyatga ega minerallar sohasida hamkorlik qilish hamda ta’minot zanjirlarini rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. Li Chje Myon ta’kidlashicha, uchrashuv Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni rahbarlar darajasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik formatida mustahkamlashi lozim.

Sammitga tayyorgarlik bir necha oy davomida olib borildi. Aprel oyida Seulda Janubiy Koreya va mintaqa davlatlarining yuqori martabali vakillari o‘rtasida birinchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, iyun oyida esa ikkinchi uchrashuv Toshkentda o‘tkazildi. Tomonlar bo‘lajak sammitning aniq natijalarini va to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Ular: sheriklikni institutsionallashtirish, tinchlik va barqarorlik, innovatsiyalar va farovonlik, shuningdek, gumanitar aloqalardan iborat.

Seulning Markaziy Osiyo bilan ko‘p tomonlama hamkorlik formati 2007 yildan beri mavjud. O‘sha yili Janubiy Koreya hukumati tashabbusi bilan «Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi tashkil etilgandi. U har yili o‘tkaziladi va Janubiy Koreyani Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan birlashtiradi. Forum doirasida davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida qo‘shma iqtisodiy va gumanitar loyihalar muhokama qilinadi. Keyinchalik forum vazirlar darajasiga ko‘tarildi, bugungi uchrashuv esa ushbu formatni birinchi marta davlat rahbarlari darajasiga olib chiqmoqda.

Janubiy Koreyaning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biri O‘zbekiston hisoblanadi. Mamlakatlar alohida strategik sheriklik munosabatlarini saqlab kelmoqda. O‘sha paytdagi Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolning 2024 yil iyun oyida Toshkentga davlat tashrifi chog‘ida tomonlar 17 ta hujjatni imzolagan. Ular, xususan, strategik ahamiyatga ega minerallar, transport, issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, farmatsevtika va Hyundai Rotem tezyurar elektropoyezdlarini yetkazib berish sohalaridagi hamkorlikka taalluqli edi. O‘shanda Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollarga, 2023 yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi esa 2,5 milliard dollarga baholangan.