«Andijon» futbol klubi Antaliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etgan Turkiyaning DİLAHAN TURİZM kompaniyasi oldidagi qarzini deyarli to‘liq to‘ladi. Bu haqda kompaniya rahbariyati «Farg‘ona» nashriga ma’lum qildi.
DİLAHAN TURİZM vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar klub to‘lanishi lozim bo‘lgan summaning deyarli barchasini o‘tkazib bergan. Shu tariqa, tomonlar o‘rtasidagi moliyaviy nizo yakuniy hal etilishiga yaqinlashdi.
4 sentyabr kuni «Andijon» matbuot xizmati rasmiy bayonot e’lon qilib, klub Antaliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etgani uchun Turkiyaning DİLAHAN TURİZM kompaniyasi oldidagi qarzini to‘liq to‘laganini ma’lum qildi.
Klubda Turkiya tomoni bilan hamkorlik doirasida haqiqatdan ham moliyaviy majburiyatlar mavjud bo‘lganini ta’kidlashdi, biroq barcha to‘lovlar to‘liq amalga oshirilganini ma’lum qildi.
O‘shanda DİLAHAN TURİZM «Farg‘ona»ga «Andijon» tomonidan to‘lovlar haqiqatdan ham boshlanganini, ammo o‘sha vaqtda qarz hali to‘liq qoplanmaganini ma’lum qilgan. Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, klub tomonidan amalga oshirilgani aytilgan to‘lovlarning bir qismi uning hisob raqamlariga kelib tushmagan. Ayni paytda masala yopilgan.
Nizo DİLAHAN TURİZM tomonidan «Andijon» uchun Turkiyada 2026 yilgi mavsum boshlanishidan oldin tashkil etilgan uchta o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Xizmatlarning umumiy qiymati 280 141 yevroni tashkil etgan. Turkiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, klub avvalroq 210 219 yevro o‘tkazgan, asosiy qarz miqdori esa 69 922 yevroni tashkil etgan.
Avgust oyida DİLAHAN TURİZM klubga sudgacha bo‘lgan talabnomani yuborib, sudga murojaat qilish niyati borligini bildirgandi. Asosiy qarzdan tashqari, kompaniya to‘lovlarni kechiktirganlik uchun penya ham hisoblagan. 11 avgust holatiga ko‘ra, penya miqdori 12 642 yevroni tashkil etgan. O‘sha paytda talablarning umumiy summasi keyinchalik hisoblanadigan penyani hisobga olmagan holda 82 564 yevroga yetgan.
Endi DİLAHAN TURİZM rahbariyati «Farg‘ona» nashriga «Andijon» kompaniya oldidagi majburiyatlari bo‘yicha deyarli to‘liq hisob-kitob qilganini tasdiqladi.



