Qozog‘iston tomonidan Rossiya yo‘nalishidagi chegarada qariyb 160 ta yuk mashinasi to‘planib qoldi, deb xabar beradi respublika Davlat daromadlar qo‘mitasi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, tirbandlikka Rossiya tomonidagi «Sag‘archin» chegara o‘tkazish punktida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan. 4 sentyabrdan Rossiya tomoni yo‘l qoplamasini almashtirish ishlarini olib bormoqda. Shu sababli harakat bir yo‘lak bo‘ylab reversiv tartibda tashkil etilgan, bu esa punktning o‘tkazish qobiliyatini pasaytirib, transport vositalarining chegaradan o‘tishini sekinlashtirmoqda.
Davlat daromadlar qo‘mitasi boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda «Jaysan» chegara o‘tkazish punktida ishlarni kuchaytirdi. Xususan, bu yerda transport oqimi tartibga solinmoqda va ularning bir qismi yaqin atrofdagi chegara o‘tkazish punktlariga yo‘naltirilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya tomonining amaldagi o‘tkazish qobiliyatini hisobga olgan holda elektron navbatdagi slotlar soni qayta ko‘rib chiqildi. Haydovchilar bilan joyida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Davlat daromadlar qo‘mitasi vaziyat doimiy nazoratda ekanini ma’lum qiladi va tashuvchilarni yo‘nalishlarni rejalashtirishda hozirgi vaziyatni hisobga olishga chaqiradi.
«Sag‘archin» chegara o‘tkazish punkti Rossiyaning Orenburg viloyati bilan Qozog‘iston o‘rtasida joylashgan. O‘tgan yili u orqali 690 mingdan ortiq transport vositasi o‘tgan. «Orenburg.onlayn» mintaqaviy nashri yozishicha, o‘tkazish punktida asfalt va trotuarlarni ta’mirlash ishlari 29 sentyabrga qadar davom etadi. Nashrning qayd etishicha, «Sag‘archin» 2028 yilga qadar infratuzilmani kapital ta’mirlash va zamonaviy modulli binolar bilan jihozlash rejalashtirilgan ustuvor chegara o‘tkazish punktlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Qozog‘iston va Rossiya chegarasida yuk avtomobillaridan iborat navbatlar muntazam ravishda yuzaga kelib turadi. Odatda, bu holat ikki davlat bojxona xizmatlari ishi bilan bog‘liq. Biroq, idoralarning o‘zi ham bunday bog‘liqlikni muntazam ravishda rad etib, transport oqimi ko‘payganini sabab sifatida izohlashadi.



