Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilayotgan hududda joylashgan yettita qabristonni ko‘chirish to‘g‘risida qaror imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorda quyidagi qabristonlar ko‘rsatilgan:
Quyichirchiq tumanidagi «Sergeli» mahallasida:
▪️ «Sergeli bolalar qabristoni
▪️ «Koreys” qabristoni;
O‘rtachirchiq tumanidagi «Yangiyo‘l» mahallasida:
▪️ «Suvon bag‘ish» va «Qudayqul» musulmon qabristonlari,
▪️ «Qudayqul» va «Sariqtepa» koreys qabristonlari,
▪️ «Boris» rus xristian qabristoni.
Qarorda ushbu qabristonlarda dafn marosimlari ko‘p yillar avval to‘xtatilgani qayd etilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasida tushuntirilishicha, agar marhumlarning jasadlari tuproqqa aylangan bo‘lishi ehtimoli mavjud bo‘lsa, ushbu hududlardan «belgilangan tartibda» foydalanish mumkin. Quyichirchiq va O‘rtachirchiq tumanlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari qabristonlar bo‘yicha ijobiy sanitariya xulosalarini bergan.
Qabrlarni ochish jarayonida aniqlangan jasad qoldiqlarini ehtiyotkorlik va hurmat bilan yig‘ish topshirilgan. Ular boshqa qabristonlarga qayta dafn etiladi. «Sergeli bolalar” qabristonidan qoldiqlar «Surum» mahallasidagi «Shardara» qabristoniga ko‘chiriladi. «Koreys» qabristonidan esa «Sergeli» mahallasidagi rus-koreys qabristoniga ko‘chiriladi. Har ikki qabriston Quyichirchiq tumanida joylashgan.
«Suvon bag‘ish» va «Qudayqul» musulmon qabristonlaridan qoldiqlar «Yangiyo‘l» mahallasidagi «Zaynab ona» qabristoniga ko‘chiriladi. «Qudayqul» va «Sariqtepa» koreys qabristonlari, shuningdek, «Boris» rus xristian qabristonidan qoldiqlar «Taraqqiyot» mahallasidagi koreys qabristoniga qayta dafn etiladi. Ushbu mahallalar O‘rtachirchiq tumanida joylashgan.
Qabristonlarni ko‘chirish ishlari sanitariya-epidemiologik, ekologik, arxitektura va jamoatchilik talablariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, diniy urf-odatlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Sanitariya qoidalariga muvofiq qabrlarni ochish va qoldiqlarni qayta dafn etish ishlari ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan. O‘rtachirchiq va Quyichirchiq tumanlari hokimliklariga qabristonlarni ko‘chirish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish topshirilgan. Shuningdek, ular aholi va marhumlarning yaqin qarindoshlari bilan tushuntirish ishlarini olib borishi kerak.
Qabristonlarni ko‘chirish, qayta dafn etish, hududlarni tayyorlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar «Toshkent» yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasi doirasidagi xususiy sherik tomonidan qoplanadi.
Loyihani amalga oshirish 2025 yil oktyabr oyida boshlangan. Yangi aeroport qurilishi zarurati Toshkentga yo‘lovchilar oqimi 2040 yilga borib yiliga 24 million kishidan oshishi kutilayotgani, amaldagi aeroport esa faqat 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangani bilan izohlangan.
Qurilish uchun Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Quyichirchiq tumanlari hududidan 1300 gektar yer maydoni ajratilgan.
Loyiha uchta kompaniyadan iborat konsorsium tomonidan amalga oshirilmoqda: Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya). Qurilishni to‘rt bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda aerovokzal majmuasi va aerodrom quriladi. Ushbu ishlar qiymati 2,5 milliard dollarga baholanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, aeroport foydalanishga topshirilganidan so‘ng yiliga 20 milliongacha yo‘lovchi va 129 ming tonna yukka xizmat ko‘rsatishi, soatiga 30 tagacha samolyotning qo‘nishi va parvozini amalga oshirish, 14 ta teleskopik trapdan foydalanish va bir vaqtning o‘zida 62 ta avialaynerni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ekspertlar bahosiga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonga 27 milliard dollardan ortiq iqtisodiy samara keltiradi, xizmat ko‘rsatish sohasi, sanoat va turizm rivojiga, shuningdek, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.



