Norezidentlar uchun Qozog‘istonda bank hisob raqamlarini ochish va kartalar olish osonlashadi. Tegishli o‘zgartishlarni Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi banklar uchun ichki nazorat qoidalariga kiritdi.
18 sentyabr kuni e’lon qilingan hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, yashash guvohnomasi (YAG) bo‘lmagan xorijiy fuqarolar yuqori xavfli mijozlar ro‘yxatidan chiqarilgan. Qoidalarning avvalgi tahririda «pul mablag‘larini legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish xavfini oshiradigan maqomi va (yoki) faoliyatiga ega bo‘lgan mijozlar turlari» qatoriga «Qozog‘iston Respublikasida xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasi yoki doimiy yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan (Qozog‘iston Respublikasi hududida yashamaydigan)» norezidentlar ham kiritilgan edi. Agentlik boshqaruvining so‘nggi qarori bilan ushbu band qoidalardan chiqarib tashlandi.
Shu munosabat bilan, norezidentlar uchun bank hisob raqamini odatiy tartibda ochish yoki karta rasmiylashtirishda qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish talabi endi bo‘lmaydi.
Jumladan, bank.kz ma’lumotlariga ko‘ra, banklar bunday mijozlardan kengaytirilgan so‘rovnomani talab qilishi shart emas. Ilgari unda Qozog‘istonda yashash va hisob raqami ochish maqsadi, mablag‘lar manbasi, rejalashtirilayotgan xalqaro pul o‘tkazmalari hamda boshqa banklarda hisob raqamlari mavjudligi haqida ma’lumot ko‘rsatilishi kerak edi. Telefonning IMEI raqamini majburiy tekshirish talabi ham bekor qilindi.
Endi hisob raqami yoki karta rasmiylashtirishda bank mijozning shaxsini tasdiqlovchi hujjatini tekshirishi va biometrik autentifikatsiyadan o‘tkazishi kerak.
Faqat mijozga yuqori xavf darajasi berilgan yoki moliya tashkilotida firibgarlikdan shubhalanish uchun asos paydo bo‘lgan taqdirdagina qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilishi va qo‘shimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin.
Norezidentga berilgan bank kartasining amal qilish muddati ham o‘zgarmagan — ko‘pi bilan 12 oy.
Ukrainada urush boshlanganidan va Visa hamda Mastercard to‘lov tizimlari Rossiyadan chiqib ketganidan so‘ng, Qozog‘iston rossiyaliklarning ko‘chib borishi va «karta turizmi» deb ataluvchi jarayon uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylangandi.
2022–2024 yillarda qariyb 695 ming nafar Rossiya fuqarosi Qozog‘istonning individual identifikatsiya raqamini (IIR) olgan — bu Rossiyadagi INNga o‘xshash raqam. U, jumladan, Qozog‘istonda bank hisob raqamlarini ochish va kartalar rasmiylashtirish uchun zarur. 2025 yil boshida norezidentlarga bank kartalarini berish qoidalari kuchaytirilgan edi. Jumladan, bunday kartalarning amal qilish muddati bir yil bilan cheklangan. Hozir esa respublika hukumati qo‘shimcha byurokratik talablarni bekor qilmoqda.



