Qirg‘iziston TIV: yetkazib berish xizmati va taksi sohasida birorta ham migrant qonuniy ishlamayapti

Qirg‘iziston Tashki ishlar vazirligi. “Farg‘ona” fotosurati

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Seytek Jumaqodir o‘g‘li yetkazib berish xizmati va taksi sohasida ishlayotgan birorta ham xorijlik qonuniy asosda ishlamayotganini ma’lum qildi. Bu masala respublika Jogorku Keneshining xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘tarildi, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Tashqi ishlar vazirligi vakili Qirg‘iziston va Pokiston o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi bitim loyihasini muhokama qilishda ishtirok etgan. Deputatlar xizmat ko‘rsatish sohasida, xususan, pokistonliklar va hindistonliklar kabi xorijliklar ko‘payib ketganidan shikoyat qilishdi. Ular ko‘pincha qirg‘iz tilini bilishmaydi. Shu sababli yetkazib berish xizmati mijozlari yoki taksi yo‘lovchilari bilan turli qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Mulozimning javob berishicha, Tashqi ishlar vazirligi har yili xorijliklarga ishlash uchun qariyb 100 mingta kvota ajratadi.

«Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasida ishlash uchun birorta ham ish vizasi berilmagan. Demak, bugun taksida, yetkazib berish xizmatida ishlayotgan barcha xorijliklar noqonuniy faoliyat yuritmoqda», — deya ta’kidlaydi vazir o‘rinbosari.

Jumaqodir o‘g‘li mamlakatda qoidabuzarlarni aniqlash bo‘yicha muntazam reydlar o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy migrantlar odatda biror firmaga rasmiylashtiriladi, keyin esa yuqoriroq daromad tufayli taksida ishlashga o‘tib ketadi.

Vazirlik tegishli kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rishni rejalashtirmoqda, biroq Tashqi ishlar vazirligi vakili bu borada aynan qanday choralar taklif etilayotganiga aniqlik kiritmadi.

Joriy yil iyul oyi o‘rtasida Tashqi ishlar vazirligi migratsiya qoidalarini buzgan holda mamlakatda bo‘lgan qariyb 500 nafar xorijlik «yashil koridor» rejimi doirasida respublikadan chiqib ketgani haqida statistikani keltirgan edi. Bunday rejim noqonuniy migrantlarga jarima to‘lamasdan o‘z vataniga qaytish imkonini beradi. O‘shanda vazirlik Qirg‘izistonda mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilmayotgan qariyb 5 ming nafar mehnat migranti yashayotganini ham ma’lum qilgandi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Qirg‘iziston 60 mingdan ortiq ish vizasi bergan. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olganlarning qariyb 60 foizini Xitoy fuqarolari tashkil etadi. Ularning aksariyati yirik infratuzilmaviy va davlat loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Shuningdek, Hindiston, Pokiston va Bangladeshdan ham respublikaga ko‘plab ishchilar kelmoqda.