O‘zbekistonning yangi Mudofaa vaziri etib general-mayor Botir Qudratxo‘jayev tayinlandi. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmon imzoladi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Holmuhamedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi. U 2024 yil noyabr oyidan buyon Mudofaa vaziri lavozimini egallab kelayotgan edi.
Botir Qudratxo‘jayev 1975 yil 12 noyabrda tug‘ilgan. Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagach, prokuratura organlarida ishlay boshlagan. Turli yillarda Surxondaryo va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahri prokurori bo‘lib ishlagan. 2017–2020 yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga rahbarlik qilgan.
2022 yil noyabridan 2025 yil fevraligacha Bosh prokuror o‘rinbosari — O‘zbekiston harbiy prokurori lavozimida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangan va bu lavozimda qariyb bir yil ishlagan. 2026 yil yanvar oyida Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.



