Jahon banki Tojikistonga qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy loyihalar uchun qo‘shimcha 45 million dollardan ortiq mablag‘ ajratadi

Gael Raballan va Fayziddin Qahhorzoda. Jahon banki matbuot xizmati fotosurati

Jahon banki (JB) Tojikiston hukumatiga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy dasturlarni, jumladan, bolalarning erta rivojlanishi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha 45 million dollardan ortiq mablag‘ ajratadi. Tegishli kelishuvlarni respublika moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda va Jahon bankining Tojikistondagi doimiy vakili Gael Raballan imzoladi. Bu haqda xalqaro tashkilot o‘zining Facebook dagi sahifasida xabar berdi.

«Qishloq xo‘jaligi sektorining barqarorligini mustahkamlash» loyihasi uchun Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) 7,5 million dollar ajratadi.

Mablag‘lar Dang‘ara tumanida agrotexnika markazi qurilishini yakunlash va Dushanbe shahrida shunday majmuani jihozlash uchun sarflanadi. Dushanbe shahridagi markazda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Jahon banki tahlilchilarining fikricha, ushbu markazlar tojikistonlik fermerlarga daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, loyiha mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yana bir loyiha «Tojikistonda inson kapitalini rivojlantirish uchun bolalarning erta rivojlanishi» deb nomlanadi. Ushbu loyiha uchun XTA 30 million yevro (33,5 million dollar) ajratadi. Ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini moliyalashtirish global jamg‘armasi esa Jahon banki homiyligida faoliyat yurituvchi tashkilot sifatida qo‘shimcha 4,5 million dollar yo‘naltiradi.

Dastur respublikadagi to‘rtta tumanni qamrab oladi. Uning doirasida 300 ta maktabgacha ta’lim guruhini tashkil etish va maktabgacha ta’limning yangi shakllaridan foydalanishni kengaytirish uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish va bolalar rivojlanishini baholash hamda monitoring qilish tizimiga raqamlashtirish jarayonlarini keng joriy etish orqali sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini yaxshilashga mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Ekspertlar fikricha, loyihaning amalga oshirilishi bolalarning maktabga tayyorligini oshiradi, ularning sog‘lom va har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashadi hamda Tojikistonda inson kapitalini shakllantirish asoslarini mustahkamlaydi.

Ushbu dastur Jahon banki tomonidan 2020 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Dastlab loyiha uchun 73 million dollar mablag‘ ajratilgan.