Xokkey bo‘yicha Qozog‘iston erkaklar terma jamoasi 8 noyabr kuni Janubiy Koreyaning Chonju shahrida yakunlangan Osiyo chempionatida ketma-ket uchinchi bor g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahsda Talg‘at Jaylauov shogirdlari musobaqa mezbonlarini bullitlar seriyasida mag‘lub etdi.
Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtida shayba kiritilmadi — 0:0. Bullitlar seriyasida esa qozog‘istonliklar aniqroq harakat qilishdi — 4:3. G‘alaba keltirgan zarbani Dias Guseynov amalga oshirdi. Shuningdek, Artur Gross va ikki bor ajralib turgan Yevgeniy Rimarev ham o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalandi. Darvozabon Vladislav Nurek 65 daqiqalik o‘yin davomida (asosiy vaqt va overtaym) o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Bundan avval Qozog‘iston terma jamoasi Yaponiyani 3:2 hisobida mag‘lub etgan va Xitoyni 5:0 hisobida tor-mor keltirgan edi. Uchta uchrashuvda uchta g‘alabaga erishgan jamoa sakkiz ochko jamg‘arib, yakuniy jadvalda birinchi o‘rinni egalladi. Olti ochko to‘plagan Yaponiya kumush, to‘rt ochkoga ega Janubiy Koreya esa bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Xitoy turnirni ochkosiz yakunladi.
Qozog‘iston Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) shafeligida o‘tkazilgan har uchala Osiyo chempionatida ham bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Birinchi turnir 2024 yili Olmaotada, ikkinchisi esa 2025 yili Pekinda bo‘lib o‘tgan edi. Hozircha musobaqada faqat to‘rtta terma jamoa — Qozog‘iston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy ishtirok etmoqda. Ular bir davrali tizimda bahs olib borib, g‘olib jamg‘arilgan ochkolar soniga ko‘ra aniqlanadi.
2026 yilning may oyida Qozog‘iston terma jamoasi IA divizionidagi jahon chempionatida ham beshta bahsda beshta g‘alaba qozonib, 2027 yilda jahon birinchiligining elita divizioniga qaytish huquqini qo‘lga kiritgan edi.



