Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor Rossiyaga imkoniyatni boy berdi

O‘zbekiston — Rossiya uchrashuvidan lavha. Foto: O‘FA

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Rossiya termasiga mag‘lub bo‘ldi. 12-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi 2:3 hisobida yakunlandi. Fabio Kannavaro shogirdlari 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi, biroq ikkinchi bo‘limda to‘qqiz daqiqa ichida o‘z darvozasidan uchta to‘p o‘tkazib yubordi.

Uchrashuvni o‘tkazish maqsadga muvofiqligi internetning o‘zbek segmentida qizg‘in muhokama qilindi. Ayrim muxlislar FIFA sanksiyalari ostida qolayotgan rossiyaliklar bilan o‘yinga qarshi chiqdi. Ba’zilarni esa Rossiya terma jamoasi SSSR uslubidagi libosda maydonga tushishi mumkinligi haqidagi xabarlar tashvishga soldi. Biroq, bunday libos jamoaning Venesuelaga qarshi bo‘lib o‘tadigan, Nikita Simonyanning 100 yilligiga bag‘ishlangan va FIFA tomonidan ma’qullangan keyingi o‘rtoqlik bahsida kiyilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Usmon Toshev Rossiya bilan o‘yin o‘tkazish tashabbusi bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro chiqqanini ma’lum qilib, masala hal bo‘lganini aytgan edi.

O‘zbekistonliklar hisobni 5-daqiqadayoq ochishdi. Burchak to‘pi uzatilganidan so‘ng rossiyalik himoyachi Viktor Melyoxin to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi.

Tanaffusdan so‘ng darhol mezbonlar ustunlikni ikki barobarga oshirdi. 46-daqiqada Shveysariyaning «Lugano» klubi himoyachisi Behruz Karimov Dostonbek Hamdamovning to‘p uzatishidan keyin Fransiyaning «PSJ» klubi darvozaboni Matvey Safonovni dog‘da qoldirdi. Bu gol Karimov uchun milliy terma jamoadagi dastlabkisi bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘yinda tub burilish yuz berdi. 70-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Nikolay Komlichenko oradagi farqni qisqartirdi, besh daqiqadan so‘ng esa o‘zbekistonlik posbon Vladimir Nazarovning xatosidan unumli foydalanib, dublni rasmiylashtirdi. 79-daqiqada Aleksey Miranchuk g‘alaba to‘pini kiritdi.

Terma jamoalarning bundan oldingi to‘qnashuvi 2022-yil 20-noyabrda xuddi shunday Toshkentda bo‘lib o‘tgan va 0:0 hisobida yakunlangan edi. Shu tariqa, rossiyaliklar ikki milliy jamoa o‘rtasidagi ikkinchi o‘yinda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

ℹ️ 2022-yilning fevralidan beri Rossiya terma jamoasi FIFA va UEFA shafeligidagi rasmiy xalqaro musobaqalardan chetlatilgan. Mazkur qaror tashkilotlar tomonidan Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin qabul qilingan edi. Sanksiyalar tufayli rossiyaliklar 2022 va 2026-yilgi jahon chempionatlarini hamda 2024-yilgi Yevropa chempionatini o‘tkazib yubordi. Shu bilan birga, ushbu cheklov Rossiya terma jamoasi xorijiy raqiblar bilan o‘tkazib kelayotgan o‘rtoqlik uchrashuvlariga taalluqli emas.