Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov «Rossiya» milliy markazi bilan hamkorlikning uch yillik dasturini ishlab chiqishni taklif etdi. Mazkur tashabbus qoʻshma filmlar, kitoblar va koʻrgazmalar yaratish, madaniy merosni raqamlashtirish hamda jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlashni koʻzda tutadi. Ushbu taklif 9-10 noyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan uchinchi Oʻzbekiston-Rossiya mediaforumida yangradi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.
Dastur uchta yoʻnalishni qamrab oladi. Birinchisi — «Bizni birlashtiruvchi tarixlar» boʻlib, ikki mamlakatning tarixiy va madaniy aloqalariga bagʻishlangan hujjatli filmlar, kitoblar, koʻrgazmalar va boshqa loyihalarni yaratishni nazarda tutadi. Ikkinchisi — «Chegarasiz meros» noyob qoʻlyozmalar va muzey kolleksiyalarini raqamlashtirish, oʻzbek va rus tillarida virtual muzeylar, podkastlar hamda taʼlim platformalarini yaratishni oʻz ichiga oladi.
Uchinchi yoʻnalish — «Media va maʼrifat» yosh jurnalistlar, blogerlar va mualliflarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Uning doirasida oʻzaro press-turlar va ijodiy amaliyotlarni tashkil etish, shuningdek, sunʼiy intellekt hamda axborotning toʻgʻriligini tekshirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish taklif etilmoqda.
Dasturni tasdiqlash muddati, uning budjeti va moliyalashtirish manbalari hozircha eʼlon qilinmagan.
Forumda soʻzga chiqqan Abduxoliqov Islom sivilizatsiyasi markazining rossiyalik hamkorlar bilan birgalikdagi loyihalarini eslatib oʻtdi. Ular orasida «Oʻzbekiston. Qumlar durdonasi», «Nukus. Nomaʼlum kolleksiya», «Movarounnahr sivilizatsiyasi» va «Oʻzbekiston. Gʻalaba sari yoʻl» nomli hujjatli filmlar bor. Bundan tashqari, Moskva va Sankt-Peterburg fondlarida saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan 20 dan ortiq kitob-albom tayyorlangan. Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari instituti bilan hamkorlikda Sankt-Peterburgda saqlanayotgan Katta Langar Qurʼoni qismining faksimile nashri chiqarilgan.
«Media qiziqishni — anglashga, anglashni — ishonchga, ishonchni esa xalqlar o‘rtasidagi samimiy yaqinlikka aylantira oladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik har bir yangi avlodning shaxsiy qadriyatiga aylanishi kerak», — dedi Abduxoliqov.
Markaz rahbari ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalarning tarixiy misollariga ham toʻxtaldi. Xususan, u 1941 yil dekabrida, Leningrad qamaliga qaramay, shaharda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilganini eslatdi. Boshqa bir misol sifatida u Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatga mansub yetim bolalarni tarbiyasiga olgan toshkentlik Shomahmudovlar oilasini tilga oldi.
ℹ️ Uchinchi Oʻzbekiston-Rossiya mediaforumi 9-10 noyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtdi. Uning tashkilotchilari sifatida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA) va Rossiyaning TASS agentligi qatnashdi. Tadbirda davlat tuzilmalari, ommaviy axborot vositalari, texnologik kompaniyalar va ijodiy sohalarning 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi. Qatnashchilar tahririyatlar hamkorligi, qoʻshma medialoyihalar yaratish, sunʼiy intellektdan foydalanish va dezinformatsiyaga qarshi kurash masalalarini muhokama qildilar.
Forum ochilishida Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, OʻzA bosh direktori Abdusaid Koʻchimov va TASS rahbari Andrey Kondrashov soʻzga chiqdi. Asadov jurnalistlarni birgalikda tayyorlash, taʼlim dasturlari va axborotni tekshirish mexanizmlarini rivojlantirishni taklif etdi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda qariyb 2700 ta OAV faoliyat yuritmoqda, ularning 67 foizi nodavlat sektoriga tegishli. Avvalgi Oʻzbekiston-Rossiya mediaforumlari 2018 va 2021 yillarda oʻtkazilgan.
ℹ️ Firdavs Abduxoliqov — oʻzbekistonlik mediamenejer, STV telekompaniyasi va «Darakchi» gazetasi asoschisi. 1998-1999 yillarda Oʻzteleradiokompaniya raisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan, 1999-2004 yillarda Oliy Majlis (parlament) deputati boʻlgan, bir vaqtning oʻzida respublika prezidenti matbuot xizmatining bosh konsultanti sifatida faoliyat yuritgan. Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Kinematografiya agentligiga rahbarlik qilgan. 2024 yildan buyon Islom sivilizatsiyasi markazini boshqarib kelmoqda.



