Ostonada 16 noyabr kuni jurnalist Luqpan Ahmedyarovning shahar Politsiya departamentiga qarshi daʼvo arizasini koʻrib chiqish boshlanadi. U Qozogʻistondan chiqishga noqonuniy cheklov qoʻyilgani yetkazgan zararni qoplashni talab qilmoqda, deb xabar beradi Huquqiy media-markaz.
Ahmedyarovga Media Qoldau yuridik xizmati (Huquqiy media-markaz), huquqshunos Gulmira Birjanova hamda Tokayeva&Partners idorasi advokati Asel Tokayeva huquqiy yordam koʻrsatmoqda.
3 avgust kuni Ahmedyarovning mamlakatdan chiqarilmagani bilan bogʻliq hodisa daʼvo qoʻzgʻatishga sabab bo‘lgan. Jurnalist oilasi bilan birga Chernogoriyaga ketmoqchi bo‘lgan, biroq aeroportda unga Ostona shahar Politsiya departamenti tomonidan chiqishga taqiq qoʻyilgani maʼlum qilingan.
Oradan bir necha kun oʻtib, Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 274-moddasi («Bila turib yolgʻon axborot tarqatish») boʻyicha qoʻzgʻatilgan va jurnalistning familiyasi qayd etilgan jinoiy ish haqida maʼlum boʻldi. Ahmedyarovning oʻzi ushbu ishda himoyalanish huquqiga ega guvoh sifatida qatnashayotganini bildirgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, uning ishtirokida hech qanday tergov harakatlari oʻtkazilmagan, jabrlanuvchi kim ekani esa unga nomaʼlum.
OAV xabariga koʻra, Ust-Kamenogorsk shahri fuqarosi Andrey Kotovning arizasi tergov boshlanishiga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. 2024 yil aprelida Ahmedyarov oʻz loyihasida Ukraina davlat loyihasi — «Xochu jit» tomonidan Rossiya tarafida jang qilayotgani aytilgan Qozogʻiston fuqarolari roʻyxatini eʼlon qilgan edi. Kotov roʻyxatda oʻz maʼlumotlarini koʻrib qolib, harbiy harakatlarda hech qachon qatnashmagani, Rossiyada navbatchilik (vaxta) usulida ishlaganini aytgan. U nashr oʻz obroʻsiga putur yetkazgan deb hisoblagan. Ijtimoiy tarmoqlarda yana bir qozogʻistonlik — Ruslan Muxametov ham shunga oʻxshash bayonot bergan.
2026 yil oktyabr oyida Ostona prokuraturasi Ahmedyarovning mamlakatdan chiqishiga qoʻyilgan taqiqni noqonuniy deb topdi. Advokat Asel Tokayevaning soʻzlariga koʻra, prokuratura cheklovni bekor qilish zarurligini koʻrsatgan va jinoyat ishi bir necha bor toʻxtatib turilganini tekshirishga vaʼda bergan.
ℹ️ Luqpan Ahmedyarov — mustaqil jurnalist, «Prosto jurnalistika» YouTube-kanali boshlovchisi. Soʻnggi yillarda u bir necha bor bosimga uchragan, uning kanali esa bir necha marta bloklangan.



