Xitoyning davlat mediatarmog‘i CGTN oktabr oxiri va noyabr oyi boshida XXR hamda O‘zbekiston munosabatlariga bag‘ishlangan 70 ga yaqin maqola va videomaterial eʼlon qildi. Nashrlar sonining keskin oshishi Amerika diplomatiyasi va biznesining Markaziy Osiyoda faollashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb yozadi Eurasianet.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, materiallar rus va o‘zbek tillarida chop etilgan bo‘lib, ikki davlatning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorligini qamrab olgan. Eurasianet mazkur kampaniyani misli ko‘rilmagan deb baholaydi va CGTN XKP Markaziy qo‘mitasining Targ‘ibot bo‘limi tasarrufida ekanini eslatib o‘tadi. Materiallarda mulozimlar, tadbirkorlar, olimlar, madaniyat arboblari va oddiy fuqarolar ishtirok etgan. Nashrlar Xitoyni biznes yuritish, taʼlim olish, ishlash, sayohat qilish va oila qurish uchun jozibador mamlakat sifatida taqdim etgan.
Pekinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida» kitobining xitoy tilidagi nashri taqdimoti bunga misollardan biri bo‘ldi. Kitob «Jenmin» nashriyotida bosilib chiqqan. «Dunyo» AA xabariga ko‘ra, taqdimotda XKP Markaziy qo‘mitasining Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Lyu Xaysin va Targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Xun Dayun nutq so‘zlagan.
Bundan tashqari, CGTN Chin yurtidan O‘zbekistonga yoki aksincha ko‘chib kelgan insonlarga bag‘ishlangan «Xuanxedan Sirdaryogacha» nomli hujjatli loyihani taqdim etdi. Uning qahramonlari orasida Buxoroda restoran ochgan xitoylik tadbirkor, 2008 yilda Lanchjouga o‘qishga kelib, shu yerda yashab qolgan o‘zbekistonlik talaba Farrux Azimov hamda Samarqand qog‘ozini tayyorlashning anʼanaviy texnologiyasini o‘rganayotgan xitoylik tadqiqotchi bor.
Hujjatli filmni suratga olishda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ishtirok etdi. Uning rus tilidagi dastlabki olti qismi 16–21 oktabr kunlari efirga uzatildi, 2 noyabrda esa CGTN o‘zbekcha versiyalarini joylashtirdi. Shu bilan birga, Xitoy mediatarmog‘i birodarlashgan shaharlar hamkorligi, madaniy almashinuvlar va ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar istiqbollari haqida materiallar eʼlon qilib bordi.
Eurasianet qayd etishicha, oldingi oylarda CGTN odatda O‘zbekiston haqida oyiga bir nechtagina material chiqarar edi. Nashr bu galgi materiallar oqimini Pekinning o‘zbekistonliklar orasida Xitoyning ijobiy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan axborot faolligining sezilarli darajada kuchayishi sifatida baholamoqda.
Eurasianet muallifi fikricha, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga oktabrdagi tashrifi bunga siyosiy turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Diplomat Markaziy Osiyoning besh davlati Тashqi ishlar vazirlari bilan «C5+1» formatida muzokaralar olib bordi, O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashdi va Amerika biznesi vakillari ishtirokidagi tadbirlarda qatnashdi. Rubio Samarqandga 18 oktabr kuni keldi. Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, ishbilarmonlik uchrashuvida 200 dan ziyod amerikalik tadbirkor ishtirok etgan. Registon maydonida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat kotibi AQSH Markaziy Osiyoda ishonchli va kuchli hamkor bo‘lishni istashini bayon qildi.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, tashrifning biznes dasturi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 12 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi 54 ta bitim imzolandi. Kelishuvlar transport, energetika, o‘ta muhim minerallarni qazib olish, moliya sohasi va raqamli texnologiyalarni qamrab olgan.
AQSH vakilining tashrifidan sal oldin, 17 oktabrda Mirziyoyev Toshkentda XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tsyanni qabul qilgan edi. Tomonlar strategik sheriklikni yanada kengaytirish, davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni ijro etish hamda Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining borishini muhokama qildilar. O‘zbekiston prezidenti maʼmuriyati axborotiga ko‘ra, shartnomalar bilan mustahkamlangan qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 60 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni esa 6000 tadan oshdi. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda: 2025 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi taxminan 16-18 milliard dollarni tashkil etdi.
ℹ️ Xitoy xorijda o‘z nufuzini oshirish maqsadida turli vositalardan, jumladan davlat ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy mualliflar bilan hamkorlikdan keng foydalanmoqda. Ilgari «Farg‘ona» yozganidek, Fransiyaning Le Monde gazetasi XXRning ijobiy obrazini shakllantirish uchun chet ellik blogerlar va inflyuenserlarni jalb etish amaliyotini tadqiq qilgan edi. Jumladan, ko‘ngilochar hamda sayyohlik kontenti orqali Xitoy shaharlarini chet ellik yoshlar o‘rtasida ommalashtirish haqida so‘z borgan. Le Monde maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda 150 dan ortiq «xalqaro kommunikatsiya markazi» faoliyat yuritmoqda, ularning dastlabkisi 2018 yilda Chuntsinda ish boshlagan.



