To‘qayev Qozog‘iston davlat kompaniyalaridagi keng ko‘lamli korrupsiya haqida bayonot berdi

Foto: t.me/aqorda_resmi/

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev «Samruk-Qazina» jamg‘armasi va «Qazaqstan temir joli» («Qozog‘iston temir yo‘llari») AJ rahbarlarining qo‘lga olinishi yuzasidan fikr bildirib, ro‘y bergan voqeani «davlat kompaniyalaridagi keng ko‘lamli korrupsiya bo‘yicha jiddiy signal» deb atadi, deya xabar bermoqda Oqo‘rda matbuot xizmati.

Xavfsizlik kengashining tezkor yig‘ilishida so‘zga chiqqan To‘qayev tergov endigina boshlanganini, shu sababli uning tafsilotlarini hozircha oshkor qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u mazkur ishni «Qonun va Tartib» konsepsiyasi qabul qilinib, bu tamoyil Konstitutsiyada mustahkamlanganidan keyin davlat kompaniyalarida olib borilayotgan birinchi yirik tergov deb atadi.

«Konstitutsiyani buzishga va hatto ushbu muqaddas hujjat ustidan masxaraomuz munosabatda bo‘lishga hech kimga yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi prezident.

U turli bo‘g‘indagi rahbarlar o‘rtasidagi korrupsiya haqidagi barcha signallarni tezkorlik bilan va puxta tekshirishni topshirdi. Bu ish bilan Bosh prokuratura ishtirokida Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati shug‘ullanadi.

«Tabiiyki, «o‘zimiznikilar», «unchalik o‘zimizniki emaslar» va ayniqsa «begonalar» degan ajratishlar bo‘lmaydi. Konstitutsiyamiz barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi tamoyilini mustahkamlab qo‘ygan», — dedi davlat rahbari.

To‘qayev «Samruk-Qazina» mamlakatning strategik aktivlarini boshqarishini, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishini hamda xorijiy kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlik qilishini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiya mojarolari investorlarning ishonchiga va Qozog‘istonning xalqaro obro‘siga putur yetkazishi mumkin.

Shu bilan birga, prezident qo‘lga olishlar jamg‘arma faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurash, aksincha, investorlar va kreditorlarning ishonchini mustahkamlaydi hamda «Samruk-Qazina» faoliyatini yanada shaffof qiladi.

Amaldorlar o‘rtasidagi korrupsiya Qozog‘istonning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2026 yilning dastlabki o‘n oyida mamlakatda 751 ta korrupsion huquqbuzarlik qayd etildi. Ulardan 546 tasini davlat xizmatchilari, 205 tasini esa boshqa shaxslar, jumladan, kvazidavlat sektori xodimlari sodir etgan.

Kuni kecha MXQ xodimlari «Samruk-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasi boshqaruvi raisi Nurlan Jaqupov va «Qozog‘iston temir yo‘llari» boshqaruvi raisi Yeljas Otinshiyevni korrupsion jinoyat sodir etishda gumonlab qo‘lga olgani ma’lum bo‘lgan edi. Ulysmedia ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslarga o‘ta yirik miqdorda pora olishga suiqasd qilish aybi qo‘yilmoqda.

«Samruk-Qazina» jamg‘armasi tarkibiga 69 milliard dollarlik aktivlar kiradi, jumladan, «QazMunayGaz», «Qozoqtelekom», «Qozog‘iston temir yo‘llari», «Qazatomprom», Air Astana milliy kompaniyalari shular jumlasidandir. Nurlan Jaqupov jamg‘armani 2023 yil aprelida boshqara boshlagan. Bungacha u Qozog‘iston va xorijdagi qator yirik kompaniyalarda ishlagan.

39 yoshli Otinshiyev joriy yilning iyulida «Qozog‘iston temir yo‘llari» rahbari etib tayinlangan edi. Bunga qadar u «Samruk-Qazina»da faoliyat yuritgan.